O‘zbekiston | 19:29 / 28.07.2020
9076
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun qancha mablag‘ sarflangani ma'lum qilindi

Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish tadbirlariga 63,4 mlrd.so‘m mablag‘ ajratildi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 28,4 mlrd so‘m ajratilgan. Shundan 4,9 mlrd.so‘m sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi, 20,8 mlrd.so‘m – viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga, 2,78 mlrd.so‘m esa tibbiyot xodimlarining 6 foizlik mukofot pullari uchun sarflangan.

Bundan tashqari, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 36,5 mlrd.so‘m karantin ob'yeklarida faoliyatni tashkil etish uchun ajratilgan. Jumladan, 3,7 mlrd.so‘m oziq-ovqatga, 500 mln.so‘m bir marta ishlatiladigan idishlarga, 1,8 mlrd.so‘m dori-darmon vositalariga ketgan.

«24 apreldagi prezident farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlarining ish haqi miqdorini oshirish uchun 2,2 mlrd so‘m, epidemiyaga qarshi kurash tadbirlarida qatnashgan 5905 nafar tibbiyot va boshqa xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun 19 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Karantin muassasalarida 14 kunlik ish jarayonida qatnashgan 392 nafar xodimlarga qo‘shimcha rag‘batlantirish sifatida 9,1 mlrd.so‘m mablag‘ ajratilgan», deya viloyat hokimining matbuot kotibi Behzod Qobilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan 1074 nafar bemor ayni paytda davolanmoqda. Shundan 794 nafari uy sharoitida, 280 nafari esa statsionar sharoitda davolanmoqda. Statsionar sharoitda davolanayotganlarning 87 nafari Zangiota tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 115 nafari Olmaliq shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 58 nafari Qibray tumani markaziy kasalxonasida, 20 nafari esa respublika maqomidagi tibbiyot muassasalarida muolaja olmoqda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining bergan ma'lumotlarga ko‘ra, kasallanganlarning 14 nafari holati o‘ta og‘ir, 11 nafari og‘ir, 46 nafari o‘rta, 219 nafari qoniqarli ahvolda. Alomatlarsiz uy sharoitida davolanayotganlar 794 nafarni, pnevmoniya holatidagilar 69 nafarni tashkil etadi.

Mavzuga oid