O‘zbekiston | 22:52 / 01.02.2021
6496
1 daqiqa o‘qiladi

XTV nohaqlikka duch kelgan o‘qituvchilardan 1006 raqamiga murojaat qilishni so‘radi

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov 1 fevral kungi matbuot anjumanida O‘zbekiston Ma'rifatparvarlar jamiyati uchun o‘qituvchilar oyligidan ushlab qolinishi qanchalik to‘g‘ri ekani haqidagi savolga javob berdi.

Foto: Shutterstock

«Turli jamiyatlar uchun to‘lovlar, badallar, ajratmalar xodimning yozma roziligisiz yoki majburiy tarzda ushlab qolinishi mumkin emas», – deya Komilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosari xalq ta'limi tizimidagi xodimlarga ish haqidan yozma roziliksiz yoki majburiy ushlab qolishlar, umuman, xalq ta'limi tizimidagi xodimlarga qilingan nohaqliklar kuzatilganda, 1006 yoki +998999881006 raqamlari yoxud www.ustozovozi.uzedu.uz portali orqali virtual inspektorga murojaat qilishlarini so‘radi.

Temur Komilovning aytishicha, Xalq ta'limi vazirligining prezident qarori bilan tashkil etilgan nazorat-huquqiy xizmati shu kabi ishlar bilan shug‘ullanadi.

Matbuot anjumanida XTV rasmiysi 2024 yilgacha maktab o‘qituvchilari maoshini 1000 dollarga yetkazish mo‘ljal qilinganini ham ta'kidladi.

Mavzuga oid