Jahon | 17:40 / 09.06.2019
65397
5 daqiqa o‘qiladi

Foto: Qozog‘istonda saylov mitinglarga ulanib ketdi

Foto: Reuters

Bugun, 9 iyun kuni Qozog‘istonning turli shaharlarida muddatdan avvalgi prezidentlik sayloviga parallel holda ruxsatsiz mitinglar uyushtirildi. Politsiya mitinglar ishtirokchilarini qo‘lga olishdi.

RIA Novosti ma'lumotiga ko‘ra, mamlakat poytaxti Nur-Sulton shahridagi mitinglarda 700 nafardan ortiq kishi ishtirok etgan.

«Interfaks» agentligi muxbiri xabar berishicha, Olmaota viloyati markazidagi mitingga 300 nafarga yaqin kishi to‘plangan. Miting ishtirokchilari mamlakatda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bekor qilinishini talab qilishgan.

Namoyishchilarning hisoblashicha, saylovlar adolatsiz va demokratiyaga zid ravishda o‘tkazilmoqda, uning natijasi oldindan ma'lumligi aytilmoqda.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Kojayev Nursulton va Olmaotada ruxsat berilmagan mitinglarda yuzdan ortiq kishi qo‘lga olingani haqida ma'lumot berdi.

«Ozodlik» radiosi ma'lumotiga ko‘ra, Chimkent shahrida ham miting bo‘lib o‘tgan va bu yerda politsiya 20dan ortiq kishini qo‘lga olgan.

Vesti.kg portali ma'lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida mahalliy jurnalistlar ham bor. 

Vlast.kz xabariga ko‘ra, ushbu nashr operatori Yekaterina Suvorova, «Ozodlik» jurnalisti Petr Trotsenko hamda politolog Dimash Alijanov qo‘lga olingan.

Frans press agentligi xodimi, britaniyalik jurnalist Kris Riklton ham tvitterida o‘zini qo‘lga olishgani haqida ma'lum qilgan.

«Men avtozakdaman, meni kasbiy faoliyatim uchun qo‘lga olishdi. Ko‘zim ostida ko‘kargan joy - qo‘pollik bilan hibsga olish natijasi. Meni urishmadi, men politsiyachining tizzasiga yuzimni urib oldim. Mendan akkreditatsiyamni tortib olishdi», deya yozgan Riklton.

Xabar qilinishicha, Qozog‘iston nashrlari saylov kunida ijtimoiy tarmoqlarga to‘siq qo‘yilgani va internet bloklanganidan shikoyat qilishgan.

Mamlakat bosh prokurori o‘rinbosari Bulat Dembayevning aytishicha, «ayrim foydalanuvchilar» saylovlar kunida ijtimoiy tarmoqda noqonuniy tashviqot o‘tkazishgan. Shu bilan birgalikda, u internet ishlamay qolishi bilan bog‘liq muammodan xabardor emasligini bildirgan.

 

Bundan avvalroq Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi saylovlar munosabati bilan Qozog‘iston politsiyasi qat'iy rejimga o‘tishi haqida ma'lum qilgandi.

Vazirlik ruxsat etilmagan aksiyalar sud tomonidan mamlakatdagi faoliyati taqiqlangan «DVK» tashkiloti tomonidan uyushtirilganini iddao qilmoqda.

«Bu tashkilotning qochqin rahbari (Mutar Ablyazov) saylovlar arafasida hokimiyatni obro‘sizlantiruvchi tashviqot kampaniyasi olib bordi va navbatdan tashqari saylovlarni boykot qilishga va saylovlar vaqtida jamoatchilikka qarshi harakatlarni amalga oshirishga chaqirdi», degan Kojayev.

Qozog‘istonda faoliyati taqiqlangan «Demokraticheskiy vybor Kazaxstana» partiyasining ayni vaqtda xorijda istiqomat qiluvchi yetakchisi Muxtar Ablyazov o‘z tarafdorlarini 9-10 iyun kunlarida ko‘chalarda namoyishlar o‘tkazishga chaqirgan.

Qozog‘istondagi navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari shu yilning 20 mart kuni Nursulton Nazarboyev muddatidan avval iste'foga chiqishi munosabati bilan e'lon qilingandi. U mamlakatni 30 yil davomida boshqarib keldi.

Prezidentlikka nomzod sifatida 7 kishi ro‘yxatga olindi, ular qatorida Nazarboyevning «Nur Otan» partiyasidan nomzodi ilgari surilgan, Qozog‘istonning vaqtincha prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham bor.

Yakshanba kuni tongda To‘qayev saylov uchastkasida jurnalistlarga prezident bo‘lsa tashqi siyosatda Nazarboyev tomonidan yo‘lga qo‘yilgan siyosatni davom ettirishini ma'lum qildi.

Saylovda g‘alaba qozonish uchun 50 foizdan ortiq ovoz olish talab etiladi, nomzodlarning hech biri bunga muvaffaq bo‘lolmasa, ikkinchi tur o‘tkaziladi.

Mavzuga oid