Bugun, 9 iyun kuni Qozog‘istonning turli shaharlarida muddatdan avvalgi prezidentlik sayloviga parallel holda ruxsatsiz mitinglar uyushtirildi. Politsiya mitinglar ishtirokchilarini qo‘lga olishdi.
RIA Novosti ma'lumotiga ko‘ra, mamlakat poytaxti Nur-Sulton shahridagi mitinglarda 700 nafardan ortiq kishi ishtirok etgan.
«Interfaks» agentligi muxbiri xabar berishicha, Olmaota viloyati markazidagi mitingga 300 nafarga yaqin kishi to‘plangan. Miting ishtirokchilari mamlakatda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bekor qilinishini talab qilishgan.
Namoyishchilarning hisoblashicha, saylovlar adolatsiz va demokratiyaga zid ravishda o‘tkazilmoqda, uning natijasi oldindan ma'lumligi aytilmoqda.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Marat Kojayev Nursulton va Olmaotada ruxsat berilmagan mitinglarda yuzdan ortiq kishi qo‘lga olingani haqida ma'lumot berdi.

«Ozodlik» radiosi ma'lumotiga ko‘ra, Chimkent shahrida ham miting bo‘lib o‘tgan va bu yerda politsiya 20dan ortiq kishini qo‘lga olgan.
Vesti.kg portali ma'lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida mahalliy jurnalistlar ham bor.
Vlast.kz xabariga ko‘ra, ushbu nashr operatori Yekaterina Suvorova, «Ozodlik» jurnalisti Petr Trotsenko hamda politolog Dimash Alijanov qo‘lga olingan.
Frans press agentligi xodimi, britaniyalik jurnalist Kris Riklton ham tvitterida o‘zini qo‘lga olishgani haqida ma'lum qilgan.
In a police van after being detained for carrying out my professional activities. Black eye sustained during a rough arrest. I fell on a policeman's knee and was not struck deliberately. My accreditation was taken from me. #Kazelection2019 pic.twitter.com/GV8F9nmEKm
— Chris Rickleton (@ChrisRickleton) 9 iyunya 2019 g.
«Men avtozakdaman, meni kasbiy faoliyatim uchun qo‘lga olishdi. Ko‘zim ostida ko‘kargan joy - qo‘pollik bilan hibsga olish natijasi. Meni urishmadi, men politsiyachining tizzasiga yuzimni urib oldim. Mendan akkreditatsiyamni tortib olishdi», deya yozgan Riklton.


















