Huquqshunos: «Jarqo‘rg‘on voqeasi qahramonlari kechirim bilan qutulmasligi kerak»
Huquqshunos Nuriddin Murodov Jarqo‘rg‘on tumanida sudyalarning tuman hokimi va tuman IIB boshlig‘i ishtirokida omma oldida obro‘sizlantirilishi va ularning harakatlanishga qarshilik ko‘rsatishi yuzasidan o‘z fikrlarini Kun.uz’ga taqdim qildi.
Mana ikki kundirki, ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarning muhokama markazida turibdi. Xo‘sh, bu voqelikning yuzaga kelishiga asosiy sabab nima o‘zi? Shu holatning kelib chiqishiga qaysi omillar asos bo‘lgan?
Avvalo, ilmsizlik (savodsizlik, johillik) ta'sirida g‘uddayish, o‘zini ko‘rsatish. Qolaversa, o‘z ustida ishlamaslik – mutasaddilarning o‘zlari komissiya a'zolari bo‘la turib, hatto Vazirlar Mahkamasining Maxsus komissiyasi qarorida ruxsat berilgan toifa avtomashinalarini bilmasligi.
Joylardagi ayrim rahbarlarning bir yumalab o‘zlari qonunga aylanib qolishi (aytganim aytgan, deganim degan bo‘lishi kerak, qabilida ish ko‘rishi) holatlari, buyurokratiyaning ular ongiga singib ketgani, o‘zgarishni istamayotganidadir.
Oqibatda nima bo‘ldi. Quyidagi huquqbuzarliklar yuzaga keldi:
– Vazirlar Mahkamasining Maxsus komissiyasi qarorida harakatlanishga ruxsat etilgan avtomashinalarning harakatini cheklash orqali qaror talablari buzilishi;
– g‘araz niyatda daxlsiz shaxs sanalgan sudlar raislarini ruxsatsiz uyali aloqa telefoni bilan tasvirga tushirish;
– fuqarolar oldida sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirishga urinish;
– shaxs (haydovchi)ga nisbatan hech bir asossiz ravishda kuch ishlatish.
Shaxsning sog‘lig‘iga qarshi, ya'ni 2020 yil 10 iyuldagi 442-sonli sud-tibbiy tekshiruvi dalolatnomasiga ko‘ra, R.Rahimnazarovning badanida qontalash va shilinma aniqlangan.
R.Rahimnazarovning badanida ko‘krak qafasi o‘ng tomoni, bo‘yin orqa o‘ng tomoni, o‘ng ko‘krak sohasida qontalashlar va o‘ng qo‘l tirsak tashqi yuzasida shilinmalar mavjudligi, uning ko‘krak qafasi o‘ng tomoni, bo‘yin orqa o‘ng tomoni, o‘ng ko‘krak sohasidagi qontalashlari va o‘ng qo‘l tirsak tashqi yuzasidagi shilinmalari o‘tmas qattiq jismlarning bir-necha martalik zarb va ishqalanish mexanizmlari ta'sirida yetkazilgani, og‘irlik darajasiga ko‘ra yengil tan jarohatlari sirasiga kiradi.
Eng xunuk holat esa, o‘sha-o‘sha bechora saviyaning ta'siri, vakolatni suiiste'mol qilish, vakolatdan chetga chiqish, bu hududda mening aytganim bo‘ladi, degan o‘y-fikrda qotib qolganlikdir.
Bir so‘z bilan aytganda, voqea qahramonlari «Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan sudyaning daxlsizlik huquqi talablarini buzish, O‘zbekiston Jinoyat va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslaridagi daxlsizlik, shaxsga jarohat yetkazish, sha'n-obro‘ borasidagi huquqlarga qarshi qilmishlarda gumonlansa, O‘zbekiston fuqarolik kodeksi bilan himoya qilish va huquqi bo‘zilishining oldini olish borasida zarur talablar qo‘yishga asoslarni bilib-bilmay yuzaga keltirgandek, nazarimda.
Bu degani hokim va IIB boshlig‘i yoki uning o‘rinbosari hali aybdor, huquqbuzar degani emas.
Albatta, ko‘rga hassadek ayon bo‘lsa-da, har qanday huquqiy-demokratik davlatda aybsizlik prezumsiyasi (Konstitutsiyaning 26-moddasi) mavjud hamda bu tamoyilga barcha birday amal qilishi darkor.
Jinoyat kodeksining 9-moddasiga muvofiq, shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishlari uchungina javobgar bo‘ladi. Jumladan, hokim va IIB boshlig‘i, uning o‘rinbosari ham. Ammo shu kodeksning 10-moddasi o‘z navbatida javobgarlikning muqarrarligi prinsipi – qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shartligini ham belgilab qo‘ygan-da.
Shu kabi anolog norma Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 3-moddasida: «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi», deb qayd etilganini ko‘rish mumkin.
Shuning uchun ham holatga dastlabki tergov tomonidan qonuniy baho berilib, ish sudga o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.
Biroq ushbu holatlarda ham ma'muriy, balki jinoiy (badanga yengil tan jarohati yetkazish) huquqbuzarlik bilan bir qatorda, ham fuqarolik, ya'ni sha'n, qadr-qimmat va obro‘, ma'naviy ziyon kabilarga aloqador belgilar va qo‘shtirnoq ichidagi boshqa masalalarni e'tiborga olib, tergov natijasiga ko‘ra, Oliy sud shu ishni o‘z ish yurituviga chaqirib olishi lozim.
Va ishga xolis baho berib, ko‘rib chiqish jarayonida bugungi kunda ma'muriy tomonga ko‘p qo‘llanayotgan «aybsizlik prezumsiyasi» singari bir tamoyil sifatida amaldagi qonunchiligimizda belgilangan «jazo muqarrarligi» degan tamoyilni ham unutmaslik kerak.
Zero, «Sudlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 68-moddasiga ko‘ra, davlat organlari va boshqa organlar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalarni hurmat qilishi va ularning mustaqilligiga rioya etishi shart.
Sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilish, shuningdek uni ochiqdan-ochiq mensimaslikdan dalolat beruvchi xatti-harakatlar qilish qonunga binoan javobgarlikka sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Shu qonunning 70-moddasida esa sudyaning shaxsi daxlsiz ekani belgilangan.
Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir, deb belgilangan.
Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ko‘zdan kechirishning alohida tartiblari o‘rnatilgan.
Yana bir gap, ushbu holat yakuni – ko‘rib chiqish natijasi keng jamoatchilikda odil sudlov, sud mustaqilligi va sudyaning daxlsizligi va bu boradagi yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik, inson huquqlari ustuvorligi tamoyillariga asoslangan islohotlarga ishonch kabi gaplar emas, birgina qonun ustuvorligi tamoyiliga asoslansa bo‘ldi. Olam guliston.
Nuriddin Murodov, huquqshunos
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024