Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Umrbod qamoq jazosi pedofiliya jinoyatiga takroran qo‘l urgan shaxslarga taalluqli bo‘ladi
Prezident imzolagan yangi farmonda muqaddam sudlangan shaxslar voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir qilganda umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini 3 oy muddatda ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
«Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida»gi prezident farmoni e’lon qilindi.
Unda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli ta’minlash, ularni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirilgan holda samarali yo‘lga qo‘yish choralari belgilangan.
Jumladan, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Adliya vazirligiga uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi:
Jinoyat kodeksida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar hamda ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar quyidagi jinoyatlarni sodir etganda ularga tegishincha umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash:
- o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish;
- o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish;
- o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni bir guruh shaxslar tomonidan sodir etganlik uchun og‘irroq javobgarlikni belgilash, shuningdek, tergov va sud amaliyotidan kelib chiqqan holda Jinoyat kodeksi 129-moddasi dispozitsiyasiga aniqlik kiritish.
Shuningdek, boshqa choralar ham belgilandi:
- moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish;
2027 yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga to‘lganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun:
- davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi;
- ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda, oilalar a’zolariga ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqarish uchun taqdim etiladigan moliyaviy ko‘maklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda beriladi;
- nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilarni nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etish tartibi qo‘llanadi.
Homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
- kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratiladi;
- talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat berilsin va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi.
- homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga akademik ta’til davrida, ularning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratiladi;
- masofaviy ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlarini oshirish orqali homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga ta’limni davom ettirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratiladi.
Voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
2026 yil 1 sentabrdan boshlab nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltirish tartibi joriy etiladi.
Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYo organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish va FHDYo organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillarining erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar hamda boshqa qonunbuzilishlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar bermasligi ularning ma’muriy javobgarlikka tortilishiga asos sifatida belgilanadi;
2026 yil yakuniga qadar Ichki ishlar vazirligining jinoyat va hodisalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha elektron tizimida erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida xabar berish imkonini beruvchi “O‘smir-signal” moduli ishlab chiqiladi.
2026 yil 1 apreldan boshlab, himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarning aloqa vositalariga (telefon, planshet va boshqa qurilmalar) Ijtimoiy himoya milliy agentligining tazyiq va zo‘ravonlik holatlari to‘g‘risida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi (“SOS” chaqiruv) “my.ihma.uz” mobil ilovasi ularning roziligi bilan o‘rnatiladi.
Jinoyat kodeksining 118 (nomusga tegish), 119 (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish), 121 (shaxsni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), 128 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), 128.1 (o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish), 129 (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov faqat prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilgan shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish hujjatlarini qilmishda jinoyat alomatlari mavjud emasligi haqida prokuror tomonidan qaror qabul qilinganidan so‘ng sudga yuboriladi.
Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarni manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritish; mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun jazoni o‘tayotgan mahkumlarni psixologik tuzatish dasturidan o‘tmasdan, saqlash sharoitlarini yengillashtirish amaliyotiga chek qo‘yiladi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinishi va ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Mavzuga oid
18:01
Jizzaxda xususiy bog‘cha rahbari bolaga behayo video ko‘rsatib, buzuq harakatlar qildi. Tergov organi uni ochiqda qoldirgan
22:34 / 03.03.2026
Pedofillar uchun umrbod qamoq jazosi taklifi prezident tomonidan ma’qullandi
12:51 / 26.02.2026
Buxoroda 13 yashar qiz ona bo‘ldi. Gumonlanuvchi qamoqqa olingan
20:49 / 25.02.2026