Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda AES qurilishi 2026 yil mart oyida boshlanadi - Ahmadxo‘jayev
O‘zbekiston prezidenti kam quvvatli AESning birinchi betonini 2026 yil mart oyida quyish borasida topshiriq berdi, deya ma’lum qildi O‘zatom agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev. U “Rosatom” bilan tuzilgan boshqa bir bitim asosida, “qisqa vaqtda kattaroq stansiya loyihasini amalga oshirish”ga ham harakat qilinayotganini aytdi.
Foto: "O‘zbekiston 24" efiridan kadr
8 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga atom energetikasi yo‘nalishidagi ishlar haqida axborot berildi
O‘zatom agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida loyiha shaxsan prezident nazoratida ekanini aytdi.
“Har bir yo‘nalish bo‘yicha batafsil ma’lumot berdik, amalga oshirayotgan loyihamiz prezidentimiz nazoratida. Bugungi kunga kelib barcha izlanishlarni tamomladik, yer ishlariga o‘tib… Undan tashqari, barcha xavfsizlik konvensiyalariga qo‘shildik, MAGATEning konvensiyalariga. Bu keyingi bosqichga o‘tishga ruxsat beradi”, – dedi u.
Ahmadxo‘jayevning ta’kidlashicha, prezident 2026 yil mart oyida AESning birinchi betonini qo‘yish borasida topshiriq bergan.
“Birinchi betonga o‘tishimiz bilan loyihamiz to‘liq amalga oshish [bosqichi]ga o‘tadi. Undan tashqari, katta stansiya loyihasini amalga oshirish uchun “Rosatom” bilan tegishli hujjatga qo‘l qo‘ydik, o‘sha hujjatga asosan, o‘rganish ishlarini olib boryapmiz. Energiya tizimimizga katta stansiyani qo‘shish uchun barcha imkoniyatlarni o‘rganib, qisqa vaqtda kattaroq stansiya loyihasini amalga oshirishga harakat qilamiz”, – dedi u.
O‘zbekistonda ilk AES qurilishi
2024 yil 27 may kuni, RF prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida “O‘zatom” agentligi huzuridagi “AES qurilishi direksiyasi” DUK va “Rosatom” tuzilmasidagi “Atomstroyeksport” AJ injiniring kompaniyasi o‘rtasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnoma tuzilgandi.
Imzolangan kelishuvlarga asosan, Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi asosida 330 MW quvvatga ega (har biri 55 MW quvvatli 6 ta reaktordan iborat) AES qurilishi kerak edi. Biroq joriy yilning iyun oyida Jizzaxda quriladigan kichik AES borasidagi rejalar o‘zgargani ma’lum bo‘ldi. Endi bu stansiya reja qilinganidek 330 megavatt emas, 110 megavatt quvvatga ega bo‘ladi. Ya’ni 55 megavattlik RITM-200N suv-suvli yadro reaktorlaridan 6 ta emas, 2 tasini o‘rnatishga qaror qilindi.
Eslatib o‘tamiz, bu reaktorlarning original varianti shu paytgacha faqat abadiy muzliklar bag‘ridagi muzyorar kemalarda foydalanilgan. Quruqlikda, issiq iqlim sharoitida hali ishlatib ko‘rilmagan bu reaktorlardan birinchisini “Rosatom”ning Peterburgdagi zavodi O‘zbekiston uchun 2025 yil may oyida ishlab chiqarishni boshlagan edi.
Stansiya qurilishida “Rosatom” bosh pudratchi bo‘ladi, qurilishga mahalliy kompaniyalar ham jalb etiladi.
2024 yil 10 sentabr kuni AES qurilishi direksiyasi va “Atomstroyeksport” stansiya loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risidagi protokolni imzolagan. Bu qurilish maydonida tayyorgarlik ishlarining faol bosqichi boshlanishi va loyiha hujjatlari ishlab chiqilishini anglatadi.
Loyiha qiymati ochiqlanmagan. “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev umumiy xarajatlar 2 mlrd dollarga bormasligini aytgan.
Mavzuga oid
11:05 / 24.12.2025
O‘zbekistondagi birinchi AES loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi
15:17 / 08.12.2025
O‘zbekistonda AES uchun zilzilabardoshlik me’yorlari tasdiqlanadi
12:48 / 02.12.2025
Shavkat Mirziyoyev Jizzaxda yangi yo‘l o‘tkazgich va AES loyihalari bilan tanishdi
12:06 / 26.11.2025