O‘zbekiston | 20:26 / 03.04.2026
5685
5 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada mudhish qotillik, O‘shga aviaqatnov va xodimga berilgan zarba – mahalliy dayjest 

Toshkent–O‘sh–Toshkent yo‘nalishida ilk aviareys amalga oshirildi. Toshkentda mast haydovchi ichki ishlar xodimiga zarba berdi, Farg‘onada esa bank xodimi mijozni o‘ldirib, kanalga tashlab yubordi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Avtobus piyodani urib yubordi  

Toshkent shahrida ajratilgan maxsus yo‘lak bo‘ylab harakatlanayotgan avtobus piyodani urib yubordi. Yo‘l-transport hodisasi 2 aprel kuni sodir bo‘lgan

Ma’lum bo‘lishicha, 2013 yilda tug‘ilgan piyoda tartibga solingan o‘tish joyidan tashqari, svetoforning qizil chirog‘ida yo‘lni kesib o‘tayotgan bo‘lgan. Avtobus urib yuborishi oqibatida u jarohatlangan.

Haydovchi tomonidan jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, tez yordam chaqirilgan. Shifokorlarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, unga bosh miya chayqalishi tashxisi qo‘yilgan.

Holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.  

Toshkent va O‘sh o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi  

1 aprel kuni Centrum Air aviakompaniyasi tomonidan Toshkent–O‘sh–Toshkent yo‘nalishida ilk aviareys amalga oshirildi.

O‘sh xalqaro aeroportida mazkur reys an’anaviy suv arkasi bilan tantanali kutib olindi. Ilk parvozda Toshkentdan 98 nafar, O‘shdan esa 141 nafar yo‘lovchi uchdi.

Yo‘lovchilar orasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari bilan birga Turkiya, Xitoy va Koreya Respublikasidan kelgan sayyohlar ham bo‘lgani mazkur yo‘nalishning xalqaro ahamiyatini ko‘rsatdi.

Parvozlar zamonaviy Airbus A320 samolyotlarida haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi. Yaqin kelajakda reyslar sonini 4 tagacha oshirish rejalashtirilgan.  

Farg‘onada mudhish qotillik   

Farg‘onada 31 mart kuni avtokredit rasmiylashtirish maqsadida Qo‘qon shahridagi bankka borgan fuqaro qotillik qurboni bo‘ldi. Uni bank xodimi o‘ldirgani aytilmoqda.

U bank binosini bank xodimi bilan birga tark etgan, ikki soat o‘tib xodim yolg‘iz qaytib kelgan.

Bosh prokuratura axborot xizmatiga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv davomida Qo‘qon shahridagi banklardan birining kredit bo‘limi mutaxassisi qotillikda gumonlanib, qo‘lga olingan. U mijozni o‘ldirib, jasadni Katta Farg‘ona kanaliga tashlab yuborganiga iqror bo‘lgan.

Bank xodimi marhum aksiya doirasida avtomashina uchun kredit olish maqsadida filialga kelganini, u bilan o‘zaro tortishib qolgani, gaplashib olish uchun Tracker mashinasida O‘zbekiston tumani hududiga kelganini, shu yerda pichoq bilan uning bo‘yin sohasiga bir necha marta zarba berib o‘ldirganini aytgan. U shundan so‘ng ish joyiga qaytib kelgan, murdani mashinasida qoldirgan. Soat 19:00 larga qadar ishda bo‘lgan. Shundan keyin mashinasida Katta Farg‘ona kanalining O‘zbekiston tumanidagi To‘lash mahallasi hududidan oqib o‘tgan qismiga borib, murdani kanalga tashlab yuborganini bildirgan.

Holat yuzasidan qasddan odam o‘ldirish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni vaqtda jabrlanuvchining jasadi topilmagan, qidiruv ishlari davom etmoqda.   

Mast haydovchi xodimga zarba berdi  

Toshkentda mast holatda avtomashina boshqarib, yo‘l-transport hodisasi sodir etdi. So‘ngra voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar xodimiga zarba berdi.  

Holat 30 mart kuni tungi vaqtda Yashnobod tumanida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, Malibu va Leapmotor mashinalari o‘zaro to‘qnashib ketgach, haydovchilar o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan. So‘ngra Leapmotor haydovchisi 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, davlat raqam belgisiga ega bo‘lmagan Malibu haydovchisi avariya sodir etib, unga nisbatan qo‘pollik qilayotgani haqida xabar bergan.

Murojaatga asosan voqea joyiga yetib borgan yo‘l-patrul xizmati xodimlari holatni rasmiylashtirishga kirishgan. Mast holatda mashina boshqarib kelgan Malibu haydovchisiga alkotester orqali tekshiruvdan o‘tish taklif qilingan.

Haydovchi esa qarshilik ko‘rsatib, xodimlardan biriga tirsagi bilan zarba bergan. 

Shundan keyin u boshqa xodimlar hayoti, sog‘lig‘iga zarar yetkazishning oldini olish maqsadida maxsus vositalarni qo‘llagan holda zararsizlantirilgan.

Haydovchi spirtli ichimlik ichgani sababli qo‘li ko‘tarilib ketganini aytib, uzr so‘ragan. Hozirda u protsessual tartibda ushlangan. Holat yuzasidan hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish va bezorilik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid