O‘zbekiston | 13:04
5976
2 daqiqa o‘qiladi

PPX xodimini 14 yoshli qizga shilqimlik qilganlikda ayblagan yigit qamaldi

Sud 18 yoshli yigit va uning ikki sherigini mayda bezorilik, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik hamda ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish huquqbuzarliklarini sodir qilgan deb topdi. Ularga 7 sutkadan ma’muriy qamoq tayinlandi.

Ohangaron shahrida PPX xodimini pedofiliyada ayblab, yolg‘on axborot tarqatgan 18 yoshli yigit ma’muriy jazoga tortildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIB axborot xizmati rahbari Bobur To‘laganov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yigit ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videosida ichki ishlar xodimini voyaga yetmagan qizning nomusiga tegganlikda ayblagan. U holatga aniqlik kiritish maqsadida ichki ishlar binosiga chaqirtirilganda IIB xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmay, janjal ko‘targan.

Surishtiruv davomida yigit internetda tarqatgan ma’lumotlari yolg‘onligini tan olgan.

JIB Ohangaron shahar sudining qarori bilan yigit va uning ikki sherigi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (mayda bezorilik), 194 (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddalarida (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan. Ularga 7 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Qo‘shimcha qilinishicha, yigitga nisbatan ichki ishlar organi xodimini qasddan obro‘sizlantirish, yolg‘on axborot tarqatish hamda guruh bo‘lib transport vositasiga shikast yetkazish holatlari yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Ohangaron shahrida PPX xodimi 14 yoshli qizni dugonasi bilan birga tog‘li hududga olib borib, ularga shilqimlik qilgani aytilgandi. 14 yoshli yigit qizning akasi ekanini aytib, xodimni pedofiliyada ayblagan. Holatni o‘rgangan Toshkent viloyati IIBB bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, Bolalar ombudsmani holatni nazoratga olganini bildirgan.  

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid