O‘zbekiston | 09:43 / 24.11.2021
20415
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahrida tashkil etiladigan 5 ta tumanning qaysi hududlarni egallashi rejasi ma'lum qilindi

2021 yil 23 noyabr kuni Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazilgan. Unda bir qator masalalar bilan birgalikda Samarqand shahrida tashkil etiladigan 5 ta tuman qaysi hududlarni egallashi ham muhokama qilingan. Bu haqda Kun.uz’ga shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Samarqandni millioner shaharga aylantirish uchun, unga chegaradosh bo‘lgan Samarqand, Past Darg‘om, Oqdaryo va Toyloq tumanlari hududlarining ma'lum qismi qo‘shiladi. Shuningdek, doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan aholi va talabalar hisobiga shahar aholisi soni 1 million nafarga yetkaziladi.

Samarqand shahar hududini 5 ta tumanga bo‘lish rejalashtirilmoqda.

Jumladan:

  • Qorasuv tumani – maydoni 7,921 ming gektar, MFYlar soni 33 ta, aholi soni 134,7 ming kishi;
  • Siyob tumani – maydoni 4,846 ming gektar, MFYlar soni 100 ta, aholi soni 301,3 ming kishi;
  • So‘g‘diyona tumani – maydoni 3,741 ming gektar, MFYlar soni 54 ta, aholi soni 184,9 ming kishi;
  • Bog‘ishamol tumani – maydoni 3,246 ming gektar, MFYlar soni 55 ta, aholi soni 170,5 ming kishi;
  • Maroqand tumani – maydoni 8,333 ming gektar, MFYlar soni 51 ta, aholi soni 226,6 ming kishi.

Eslatib o‘tamiz, 2003 yilgacha Samarqand shahrida uchta – Siyob, Bog‘ishamol va Temiryo‘lchi tumanlari bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2003 yil 12 dekabrda qabul qilingan «Navoiy, Namangan, Samarqand va Farg‘ona shaharlarining tuman ma'muriy-hududiy tuzilmalarini tugatish hamda Navoiy viloyatining Navoiy tumani chegaralarini kengaytirish va nomini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qarori bilan Samarqand shahridagi Siyob, Temiryo‘lchi va Bog‘ishamol tumanlari tugatilgan.

Mavzuga oid