O‘zbekiston | 07:54 / 03.01.2022
2509
2 daqiqa o‘qiladi

Hunarmandlarga mahsulotni jahonda reklama qilish xarajatlari qoplab beriladi

O‘zbekistonda xususiy sektorning eksportdagi ulushini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida belgilangan.

Foto: Kun.uz

Tadbirkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan eksportchi korxonalarga kompensatsiya va kafilliklar taqdim etish mexanizmini 2024 yil 1 yanvargacha uzaytirish, shuningdek ushbu moliyaviy ko‘mak dasturini yirik eksportchi korxonalarga nisbatan ham tatbiq etish mo‘ljallanmoqda.

Hunarmandlar mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama qilish xarajatlarini Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan qoplab berish ko‘zda tutilgan. Hunarmandlarga alohida imtiyoz bergan holda, xalqaro pochta jo‘natmalari tarif stavkalari qayta ko‘rib chiqiladi.

Eksportchi korxonalarga ko‘rsatilayotgan tashkiliy va moliyaviy yordam berish tizimi takomillashtiriladi. Eksportchi korxonalarning transport xarajatlarining bir qismini qoplab berish tizimi qo‘shni davlatlarga eksport qilingan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlarga nisbatan ham qo‘llanadi. Bunda, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ro‘yxati TIF tovar nomenklaturasi kodlari kesimida shakllantiriladi.

Eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini 1,5 barobar ko‘paytirib, Yevropa davlatlariga JiEsPi+ tizimi doirasida tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish ham nazarda tutilgan. 

Muvofiqlikni baholash organlari xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarini Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplab berish tizimi joriy etiladi.

Bunda, xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari a’zosi hisoblangan akkreditatsiya idoralari ro‘yxati shakllantiriladi, akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar tahlili va hisob-kitoblari amalga oshiriladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid