Jamiyat | 14:00 / 06.05.2024
6510
2 daqiqa o‘qiladi

Nurotada jarlikka tushib ketgan cho‘pon qutqarildi

Ehtiyotsizlik oqibatida bir necha metr jarlikka tushib ketgan cho‘pon maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida xavfsiz joyga olib chiqilgan. Unga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan.

Foto: FVB

Navoiy viloyatining Nurota tumanida chorva mollarini boqib yurgan fuqaro jarlikka tushib ketgan. U qutqaruvchilar tomonidan qutqarilgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 5 may kuni Navoiy viloyati FVBga Nurota tumani hududidagi “Oq tog‘” tog‘ tizmalariga fuqaro chorva mollarini boqish maqsadida borib, jarlikka tushib ketgani va unga yordam zarurligi haqida xabar kelib tushgan. FVB qutqaruvchilari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv-qutqaruv ishlarini natijasida fuqaro jarohat bilan topilib, unga psixologik va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. So‘ngra u maxsus qutqaruv asbob-anjomlari yordamida xavfsiz joyga olib chiqilgan.

Cho‘pon malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga yuborilgan. Qayd etilishicha, hozirda uning ahvoli yaxshi.

Avvalroq Toshkent shahridan Jizzax viloyatining Zomin tumaniga sayohatga borib, tog‘ning yuqori cho‘qqisida adashib qolgan uch kishi qutqarilgani xabar qilingandi.  

Mavzuga oid