O‘zbekiston | 10:30 / 10.11.2019
49169
11 daqiqa o‘qiladi

Senator: birgina migrantlar omilining o‘zi YeOIIga kirishga ikki qo‘lni ko‘tarib tarafdor bo‘lishga yetarli

Bugungi kunda O‘zbekistonda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu - mamlakatning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish-kirmasligi masalasi bo‘lmoqda. Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi o‘rinbosari Odiljon Iminov bilan suhbatimiz ham asosan shu mavzuda bo‘ldi.

– Odiljon Karimovich, mavzu bo‘yicha fikringizni bilishdan oldin bir savol bermoqchiman: hozirgi kunda bu borada juda kuchli bahs-munozaralar ketmoqda, ularni kuzatib boryapsizmi? Odamlarning faolligini qanday baholaysiz?

– Albatta kuzatib boryapman va xursand bo‘lyapman. Bir tarafdan yurtdoshlarimizning davlatimizdagi iqtisodiy jarayonlarga befarq emasligiga, ikkinchi tomondan ayni shu mavzu xalqimiz e'tiboriga tushganiga va atroflicha tahlil qilinayotganiga. Demak, bu masala barchaning diqqatini o‘ziga torta oldi. Ammo har qanday muhokamalar real faktlarga asoslansa, mazmunli bo‘ladi.

Ko‘pchilik bu ittifoqqa kirish masalasi Rossiyaning Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko kelganidan keyin ko‘rila boshlandi, deb o‘ylaydi. Aslida, mutlaqo unday emas. Bu masala deyarli uch yildan beri muhokama qilinmoqda. Sababi, juda ma'noli maqolimiz bor – birlashgan o‘zar. Dunyoda turli-tuman ittifoqlar bor. Masalan, AQSh, Kanada va Meksika kabi davlatlarni o‘zida jamlagan NAFTA tashkiloti erkin savdolarga imkoniyat beradi. Yoki Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JAR kabi davlatlar qo‘shilgan BRIKS ittifoqidagi mamlakatlar hatto bir-biriga qo‘shni ham emas. Davlatlar iqtisodiyoti yuksak darajada integratsiyalashgan, hatto yagona pul birligiga ega Yevropa Ittifoqi bu borada eng katta va eng namunali misol bo‘ladi.

– Bu masala deyarli uch yildan buyon muhokama qilinmoqda, dedingiz. Demak, jarayonni Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylanishi bilan bog‘lash mumkinmi?

– Davlatimiz rahbari o‘zining ilk safarlarini yaqin qo‘shni davlatlarga uyushtirganini yaxshi bilasiz. Odatda yangi saylangan prezidentlar o‘z safarlarini yirik va rivojlangan davlatlardan boshlashadi. Ammo prezidentimiz yaqin qo‘shnilardan boshladi va bunda chuqur ma'no bor. E'tibor bergan bo‘lsangiz, ma'ruzalaridan birida hatto «o‘z qo‘shnilarimiz bilan yaxshi munosabat o‘rnata olmasak, uzoq davlatlar bizga qanday ishonsin?» degan mazmundagi so‘zlar ham bor edi.

Rejadagidek, barcha qo‘shnilarimiz bilan munosabatlar iziga tushirildi, shu bilan bir paytda, iqtisodiy jihatdan katta bog‘liqlik bo‘lgan davlatlar bilan ham o‘zaro hamkorlik kuchaytirildi. Bu ittifoqqa e'tibor qaratish va kirish imkoniyatlarini o‘rganishni o‘sha jarayonlarning mantiqiy davomi deb qarashimiz mumkin.

– Endi bevosita mavzuga kelsak, avvalo masalaning siyosiy jihatini tahlil qilib olaylik. Garchi bu ittifoq nomi iqtisodiy bo‘lsa-da, har qanday iqtisodiy jarayon siyosatdan ayri tarzda kechmaydi.

– Albatta, bu fikrda jon bor. Ammo iqtisod shunday narsaki, davlatlar bir-biriga chambarchas bog‘lanib ketadi. Hatto ibtidoiy jamoa tuzumida ham oddiy tovar ayirboshlash bo‘lgan – kimdadir ikki qop bug‘doy, yana bir kishining ikkita toshdan yasalgan boltasi bo‘lgan. Birida bitta bolta, ikkinchisida bir qop bug‘doy ortiqcha. Tabiiyki, ular ayirboshlashgan. Endi davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy jarayonlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash lozim. Biz siyosiy maqsadlar haqida fikr yuritganda o‘zimizni misol qilib olishimiz mumkin. O‘zimiz iqtisodiyotni chetga surib, siyosatni ilgari surishimiz mantiqsizlik bo‘lgani kabi, boshqalar ham bunday qilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

 – Bilamizki, siz Oliy Majlis Senatida muntazam asosda ish olib borasiz. Endi bevosita raqamlarga yuzlansak – YeOIIga kirish O‘zbekiston iqtisodiga nima beradi?

– Shaxsan men faqat migrantlar masalasi uchun ham bu ittifoqqa kirish uchun ikki qo‘limni ko‘tarib ovoz berardim. E'tibor qiling, 2,5 mln nafardan ortiq migrantlarimiz aynan YeOII davlatlarida mehnat qilishmoqda. Ularning har biri turli to‘lovlar uchun chet davlatlar hisobiga yiliga 1700 dollargacha sarflashadi. YeOIIga kirgan boshqa qo‘shni davlatlar uchun bu to‘lovlar yo‘q. Oddiy xomcho‘tlarda ham bu 4 mlrd dollar atrofida mablag‘ bo‘ladi. Ana shu pul bizning davlatimizga kirib keladimi? Qaysidir oilaning qozoni qaynashiga sabab bo‘ladimi? Axir bu pullar bizning yurtdoshlarimiz ishlab topgan pullar-ku!? Solishtirish uchun aytaman, so‘nggi bir yilda rahbariyatimizning shuncha sa'y-harakatlari bilan moliyaviy investitsiyalar hajmi 3,5 mlrd AQSh dollarini tashkil qilgan.

Yana bir raqam – bizning 70 foiz tashqi savdomiz mana shu ittifoqqa a'zo davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Albatta, hozircha prognoz qilishga ertadir, lekin bu ittifoqqa a'zo bo‘lsak, tashqi savdo 80 foizgacha o‘sishi mumkin.

Energetika sohasini olaylik. Bu davlatlar gaz qazib olishda yetakchilardan bo‘lsa, qayta ishlashda birinchilardan hisoblanadi. Bu boradagi hamkorliklar yaxshi natija beradi. Yagona elektr ta'minoti tizimi orqali qancha mablag‘ iqtisod qilishimiz mumkin. Chunki hanuz elektr energiyasining 80-85 foizini gaz orqali olamiz, u davlatlarda qayta tiklanuvchi energiya hajmi yuqori.

Turizmga alohida to‘xtalish lozim. Xalqaro turistlarning 60-70 foizi shu davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayrimlar ularning o‘z qarindoshlarini ko‘rishga kelishayotganini aytishadi. Nima maqsadda kelsa ham mamlakatimiz hududidagi qator xizmatlardan foydalanishadi-ku, xaridlar qilishadi-ku? Agar biz a'zo bo‘lib, byurokratik to‘siqlarni bartaraf qilsak, o‘sha davlatlar sayyohlik firmalariga bizda, biznikilarga ular hududida ishlash imkoniyatini yaratib bersak, sayyohlar oqimi yanada oshadi.

Fan-ta'lim, madaniyat, sport yo‘nalishlarida ham qator imkoniyatlar bor. Diplomlarning o‘zaro tan olinishi alohida muhim masala. Nostrifikatsiya komissiyasining ishlash jarayonida, masalan Lomonosov nomli Moskva davlat universitetini bitirib kelganlar nostrifikatsiyadan o‘tishganida, imtihon topshiruvchilar bilan oluvchilar o‘rtasidagi farqni ko‘rsangiz edi...

– Bu mavzu muhimligini shundan ham sezishimiz mumkinki, AQSh savdo vaziri Uilbur Ross O‘zbekistonning YeOIIga a'zo bo‘lish istagi Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish jarayonini murakkablashtirishini bildirdi. Bunga javoban Rossiya hukumati raisi Dmitriy Medvedev yuqoridagi fikrga qarshi chiqdi.

– Avvalo, bir narsani unutmaslik lozim – O‘zbekiston suveren davlat va bizning ichki ishlarimizga aralashish xalqaro huquq normalariga umuman to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekiston qaysidir tashkilotga a'zo bo‘lish-bo‘lmaslik masalasini o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, o‘zi hal qiladi va bu borada bosimlarni qabul qilmaydi. Eng muhimi, davlatimiz rahbari kimningdir ta'siriga tushib qoladigan, bosimlar ta'sirida qaror qabul qiladigan inson emas, o‘z fikriga ega lider.

Endi Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishga kelsak, bu masala bitta davlatga bog‘lanib qolmagan. Yuzdan ortiq davlatlarning o‘zaro xulosalariga ko‘ra biror davlatning a'zo bo‘lish masalasi yuzasidan qaror qabul qilinadi.

– Siz Senatda agrar sohada ham faoliyat yuritasiz. Bu ittifoqqa a'zo bo‘lish ortidan O‘zbekiston qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportini hozirgi 1,5-2 mlrd dollardan bir necha yil ichida 10 mlrd dollargacha yetkazishni rejalashtirayotgani haqida fikrlar mavjud. Mamlakatimiz bunday imkoniyatga egami, katta hajmlarga tayyormi?

– Men sizga yoshligimdagi bir holatni aytib beraman. Bolaligimda biz «zagatkontora» deb ataydigan tayyorlov idorasi bo‘lardi. O‘sha idora fevral oyidayoq bizga yog‘och yashiklarni sanab tashlab ketardi. Biz pomidorning xomagini (xomligicha uzilganini) terib, o‘sha idoraga topshirardik va pulini naqd sanab olardik. Hovlimizda sigir yurib o‘tishi uchun bir yo‘lak qoldirilgandi. Onam menga «shu yo‘lak o‘rniga ikki pushta pomidor eksang, shundan olingan hosilga maktabing uchun boshdan-oyoq kiyiming va daftar-qalaming bo‘ladi» deb hisoblab bergandi. Bu endi qishloqdagi oddiy ayolning oddiy hisob-kitobi. Biz ana shu bozorimizning ko‘p qismini yo‘qotdik. Holbuki «o‘zbek meva-sabzavoti» degani o‘zi brend!

Ayrimlar «mahsulotlarimiz eksportga ketayotgani tufayli o‘z bozorlarimizdagi narx-navo oshib ketyapti» deya nolib qolganlarini eshitaman. Axir, eksport hajmi oshsa, o‘sha qishloqlardagi qo‘llari qadoq dehqonning biri ikki bo‘lyapti degani emasmi?! Biz bunday qarash bilan agrar sohamizni rivojlantira olmaymiz. Narxlarni eksportni cheklash evaziga emas, hosildorlikni, ana shu mahsulotlar hajmini oshirish, qolaversa innovatsiyalarni joriy etib, tannarxni tushirish orqali pasaytirishga harakat qilish kerak.

Bizda foydalanilmayotgan imkoniyatlar juda ko‘p. Tomorqalar bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazilayotgani bejiz emas. Hammasining maqsadi - har bir qarich yerdan unumli foydalanish. Agar biz qishloqlardagi hamyurtlarimizga ana shu tizimni tashkillashtirib bera olsak, ya'ni ular o‘z mahsulotlariga bo‘lgan yuqori talabni his qilsalar, yerga munosabat ham butunlay boshqacha bo‘ladi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
                                                                                                                                             Suhbatdosh Abror Zohidov, tasvirchi Asad Allanazarov

Mavzuga oid