«Eng ko‘p kasallanayotganlar – tibbiyot xodimlari». Qirg‘iziston koronavirus bilan qanday kurashyapti?
Kun.uz muxbiri Qirg‘izistonda koronavirus keng tarqalishiga qarshi qanday kurash olib borilayotgani, bu borada hukumatlar tomonidan ko‘rilayotgan choralar, pandemiya sharoitidagi jurnalistika haqida qirg‘izistonlik jurnalist Davron Hotamov bilan suhbatlashdi.
– Qirg‘izistonda Markaziy Osiyo davlatlari orasida uchinchi bo‘lib koronavirus aniqlandi. Hozir vaziyat qanday? Kasallik jilovlandimi? Markaziy Osiyoda faqatgina ikkita davlatda, jumladan, Qirg‘izistonda favqulodda holat e'lon qilindi, bu samara beryaptimi?
– Qirg‘izistonda koronavirus qayd etilgan hududlarda favqulodda holat va favqulodda vaziyat rejimi joriy qilindi. Aytaylik, Talas viloyatida umuman koronavirus aniqlangan emas. Eng ko‘p O‘sh va Bishkek viloyatida aniqlangan. Qolgan viloyatlarning ba'zilarida ko‘p, ba'zilarida esa kam.
24-25 mart kunlari koronavirus yuqishining cho‘qqisi bo‘ladi, deb kutilgandi, lekin bunday bo‘lmadi. Buning o‘rniga tenglashish, ya'ni davolanayotganlar bilan shifo topganlarning ko‘rsatkichi tenglashayotgani statistikalarda ko‘rsatildi.
Achinarli jihati – eng ko‘p kasallanayotganlar shifokorlar ekani. Ya'ni 1 may holatiga (intervyu shu kuni yozib olingan – tahr.) 756 kishi yuqtirib kelgan bo‘lsa, ularning 198 nafari – tibbiyot xodimlaridir.
Ularning ichida shifokorlar, hamshiralar va bemorlar bilan bevosita aloqada bo‘lgan tibbiy personal vakillari bor. Bunga tibbiy niqoblarning, himoya vositalarining kamligi, ularning sifatsizligi sabab bo‘layotgani aytilyapti.
Shifokorlar ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda ham himoya vositalari yetarli emasligi, shuning uchun ular orasida koronavirusdan zararlanish holatlari ko‘p bo‘layotganini aytib chiqishdi. Lekin bu bayonotlarning orqasidan kechirim so‘rab chiqish holatlarini ham ko‘rdik. Lekin vaziyat ko‘rsatib turibdiki, mana shu shifokorlarning ishlash tartibida, o‘zini kasallikdan himoyalashida qandaydir kamchiliklar bor va balki shuning uchun juda ko‘p tibbiyot xodimlarining koronavirusni yuqtirib olishi kuzatilayapti.
– Qirg‘izistondagi karantin cheklovlarini xalq qanday qabul qilyapti? Amal qilishyaptimi?
– Koronavirus qayd etilgunga qadar «bizga bu kasallik kelmaydi, biz undan holimiz», degan tushuncha bor edi va eng asosiy muammo – savdo qanday bo‘ladi, tovarlar qanday keladi yoki ertaga nimani sotamiz va sotib olamiz yoki qimmatlashib ketadimi, degan savollar ham o‘ylantirdi. Bu kasallik chet elga borib kelganlarda aniqlangani sababli ham ba'zi bir insonlarda tushunmovchiliklar bo‘ldi. Insonlar vahimaga tushgandek, ya'ni koronavirus bilan vahimani hisobga oladigan bo‘lsangiz, vahima kuchliroq bo‘layotgan edi o‘sha payt.
Avvaliga qimmatchilik muammosi aholini qiynagan bo‘lsa, keyinroq har xil gap-so‘zlar oqibatida un talashuvlari, uylariga mahsulotlarni olib kelish vahimasi va undan keyin hech kim uyidan chiqishi kerakmasligi, komendantlik soati e'lon qilingani, odamlarning ishga borolmayotgani va hozirgi kunda to‘plagan mablag‘larining ham tugagani va bu cheklovlar yumshatilishi kerakligi aholi tomonidan aytilyapti.
Odamlar ilojsizlikdan ko‘nikayotgan bo‘lsa ham, muammolar bor. Lekin boshidagi, ya'ni kasallik rasman qayd etilgan paytdagi vahimadan ko‘ra odamlarda ko‘nikish va tezroq mana shu darddan, vaziyatdan qutulish ilinji bor.
– Chetdan qaraganda Qirg‘iziston ancha qattiq karantin choralari va cheklovlarni joriy etdi. Shuning samarasi bo‘lsa kerak. Odamlar buni tan olyaptimi?
– Albatta, hamma tezroq hal bo‘lishini istaydi. Bilasiz, Qirg‘iziston Xitoy bilan chegaradosh. O‘rtadagi qatnov darajasi yuqori.
Endi eng qizig‘i, bir masalani aytib o‘tish kerakki, Qirg‘izistonda jurnalistlarning ishi cheklangan edi, ya'ni faqatgina rasmiy ikki telekanal ish olib borishiga ruxsat berilgan. Qolgan jurnalistlarga ruxsat yo‘q edi.
Faqatgina uyda o‘tirdik. Onlayn brifinglar, matbuot anjumanlari o‘tdi va biz bir tomonlama ma'lumotlar bilan cheklanyapmiz. To‘g‘risi, nima bo‘layotganini bilmaymiz. Ijtimoiy tarmoqda tarqalayotgan xabarlar va onlayn brifinglardan boshqa ma'lumot yo‘q bizda.
Jurnalistlar hamjamiyati prezidentga, parlamentga, hukumatga qayta- qayta murojaat bilan chiqishdi. Bu mumkin emasligi, Konstitutsiyaga zidligi, favqulodda holatda ham jurnalistlarni cheklash va bir tomonlama axborotning o‘zi yetarli emasligini aytish bilan mana endi 2 yoki 3 kun bo‘ldiki, ma'lum bir jurnalistlarga ishlashiga ruxsat berilyapti. Unda ham cheklagan holda. Biz hali bunga erishganimiz yo‘q.
Aslida qanday bo‘lyapti hayot? Odamlar qanday sharoitda yashamoqda? Biz buni bilmaymiz. Faqatgina oynalardan qarab kuzatishga majburmiz.
– Aholi o‘rtasida kunlik yoki mavsumiy mehnat qilib kun ko‘radiganlar bor. Karantin paytida ularning himoyasi ta'minlandimi? Hech bo‘lmasa, oziq-ovqat yetkazib berish, nafaqalar berish yo‘lga qo‘yildimi?
– Qirg‘iziston Jahon banki va shunga o‘xshash tashkilotlardan yordam pullari olgani haqida ma'lumotlar bor. Ayrimlari qarz, ya'ni kredit sifatida, ba'zi birlari esa shunchaki yordam sifatida, xususan O‘zbekistondan ham insonparvarlik yordami keldi. Shifokorlar uchun himoya kiyimlari va boshqa oziq-ovqatlar yetib keldi va aholiga ham tarqatilgani to‘g‘risida ma'lumotlar bor.
Lekin men ko‘proq guvohi bo‘lganim – aholining ichidan xayriya qilish ilinjida imkoni bor insonlardan oziq-ovqat mahsulotlarini to‘plab, nodavlat tashkilotlar tomonidan odamlarga beg‘araz yordam ko‘rsatilyapti. Ammo maxsus, aytaylik, AQSh kabi yoki Qozog‘iston kabi davlatlar tomonidan qanchadir miqdorda mablag‘ ajratilgani yoki yordam ko‘rsatilgani yo‘q. Menda bunday xabar ham yo‘q.
Oziq-ovqat mahsulotlari qiynalgan insonlarga yetkazib berilmoqda. Bu ko‘proq saxovatpesha insonlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Biroq insonlar qiynalib qolishgan taqdirda hukumatning ma'lum bir raqamiga murojaat qilishlari uchun biror raqam e'lon qilingani haqida eshitganim yo‘q. Balki bordir, lekin men eshitmadim.
Yaqinda parlament hukumatdan deputatlar ham, boshqa bir qator tashkilotlar ham chetdan kelayotgan yordam pullarining hisobotini berishni talab qilishdi. Qancha pul borligi va nimalarga sarflanayotganini bilib olishmoqchi. Lekin hozircha hisobot berilmadi. Lekin talab qilinmoqda.
– Karantin cheklovlari joriy etilib, chegaralar yopilgandan keyin boshqa mamlakatda qolib ketgan qirg‘izistonliklarning taqdiri qanday bo‘ldi? Ular charter reyslar bilan mamlakatga olib kelinyaptimi yoki qachon yurtga qaytarilishini kutishyaptimi?
– Turkiyada bir guruh qirg‘izistonliklar bor edi. Rossiyada ham qolib ketgan qirg‘izistonliklar bor. Shuningdek, Fransiyada ham kam sonli bo‘lsa-da, qirg‘izistonliklar bor. Reyslar tashkil qilindi va olib kelindi va yana rejalashtirilyapti, yana qaytadiganlar bor.
– Pandemiyadan keyin Qirg‘iziston iqtisodiyotida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi kerak, deb hisoblaysiz?
– Hozir masalan, shaxsan o‘zimda ham yoki ko‘pchilikning nazarida ham bu holat karantin vaqti tugasa, ya'ni bizda 10 maygacha deb ko‘rsatilgan, shu vaqtdan keyin bu narsalar tamom tugaydi, biz eski bir holatga qaytamiz, degan tushuncha bor qandaydir. Lekin afsuski bunday emas. Hali bu holat qachongacha davom etadi, yillab davom etadimi, ana shunda dunyo qanday o‘zgaradi.
Qirg‘izistonda, Markaziy Osiyoda nimalar sodir bo‘lishini bilish uchun solishtiriladigan biror asos yo‘q. Avval ham bunday pandemiyalar tarqalgani haqida eshitganmiz, buni jurnalist sifatida aytadigan bo‘lsam, chuqurroq o‘rgangan emasmiz. Chunki ularning bizga ta'siri bo‘lmagan. Shaxsiy fikrimcha, har bir davlat xalqining ishonchini qozona olishi kerak. Xalq prezident aytayotgan fikrlarga ishonishi va uni qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Hukumat nima qilayotganini biladimi, bu choralarni bilib turib kirgazyaptimi, degan fikr va qarama-qarshiliklar muammolarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun aytmoqchimanki, hukumat nima ish qilayotganini tushunadigan darajada siyosiy ongi, siyosiy erki bo‘lishi zarur va bunday holatlarga tayyorgarlikni oldindan rejalashtirishi kerak.
Bundan tashqari, Qirg‘iziston ham ko‘p mahsulotlar ishlab chiqarmaydi. Tashqaridan sotib oladi. Bugungi kunda hech qanday mahsulot yetishmovchiligi kuzatilgani yo‘q. Lekin narx-navoning qimmatlaganini ko‘rishimiz mumkin. Kunlik daromad topadigan insonlarda esa pul qolmayapti. O‘z-o‘zidan esa muammolar kelib chiqishini boshlaydi. Agar bu uzoqroq davom etadigan bo‘lsa, hozirdan ko‘ra ancha qiyinlashib qoladi.
Hukumatning oldidagi vazifa ham, aholining yashashi ham qiyinlashadi. Shu bilan birgalikda, Qirg‘izistonda yalpi ichki mahsulotdan ham ko‘proq muhojirlar tomonidan kelayotgan pul miqdori katta edi. Ya'ni chetdan kelayotgan, migrantlar jo‘natayotgan pul asosida katta daromadga ega bo‘lar edi. Har bir davlat o‘zini boqa oladigan darajaga ega bo‘lishi kerak. Balki onlayn savdoga ham o‘tish davri keldi.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:40
Qirg‘izistonda elektron sigaretalar taqiqlanmoqda
13:51 / 23.11.2024
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi O‘zbekistonda sezildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
20:34 / 20.11.2024