O‘zbekiston | 16:41 / 24.05.2023
20570
2 daqiqa o‘qiladi

Qizlar yotoqxonasiga yashirin kamera o‘rnatilgan institut prorektori jarimaga tortildi

Qo‘qon davlat pedagogika institutining talabalar yotoqxonasidagi holat yuzasidan sud ishi o‘tkazildi. Oliygohning bir nechta mas’ullariga jarima jazosi qo‘llangan.

Foto: KUN.UZ

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov Qo‘qon davlat pedagogika institutidagi holat yuzasidan o‘tkazilgan sud ishi haqida rasmiy axborot berdi. Unga ko‘ra, institut birinchi prorektori hamda institutning ta’lim texnologiyalari markazi xodimlariga jarima jazosi qo‘llangan. 

Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudining 5 maydagi qarori bilan Qo‘qon davlat pedagogika institutining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O.B. MJtKning 46-1-moddasida (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Unga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida, ya’ni 4,5 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, institutning ta’lim texnologiyalari markazi xodimlari A.M., B.O. va bo‘lim boshlig‘i R.M. ham MJtKning 46-1-moddasida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, ularning har biri bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida (3 mln so‘m) jarima jazosiga tortilgan. 

2023 yil aprel oyi boshida Qo‘qon davlat pedagogika instituti yotoqxonasining talaba qizlari yashovchi xonasiga yashirin kamera o‘rnatilgani aniqlangandi. Qizlar bu haqda prorektor va rektorga arz qilib, o‘zlari baloga qolib ketay deyishgan.

Holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qattiq muhokamalarga sabab bo‘lgach, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi va QDPI o‘zining rasmiy munosabatini e’lon qildi. Jumladan, QDPI o‘z bayonotida rektorning buyrug‘i asosida talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash uchun maxsus xona tashkil qilinayotgani va shu munosabat bilan kamera o‘rnatilganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid