O‘zbekiston | 16:30 / 11.03.2022
19684
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek paxtasiga qo‘yilgan global boykot olib tashlandi - tantanali tadbirdan reportaj

Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi O‘zbekiston rasmiylari ishtirokidagi tadbirda o‘zbek paxtasini boykot qilish to‘xtatilganini e’lon qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida o‘tkazilgan press-brifingda Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi o‘zbek paxtasini global boykot qilish chaqirig‘i tugatilganini e’lon qildi.

“Men va Cotton Sampaign jamoasi bu kunni qariyb 14 yil intizorlik bilan kutdik. O‘zbekistondagi harakatlarimizning boshlanishi taxminan 2007 yil va 2008 yilning boshlariga to‘g‘ri keladi.

Biz Prezident Mirziyoyevning davlat tomonidan mehnatga majburlashni cheklash borasidagi tarixiy islohotlarni boshlash va ularni tatbiq etishdagi liderligini e’tirof etamiz.

Majburiy mehnatni har qachon va har qayerda kuzatib, qayd etib borishda ko‘rsatgan jasorat va qat’iyatlari bilan barcha faollarni va kuzatuvchilarni ham tabriklaymiz.

Bu muvaffaqiyat barcha o‘zbeklar uchun qadrli, bundan tashqari, bu muvaffaqiyat 21 asrda bitta mamlakatning majburiy mehnatga qarshi xalqaro kurashda qozongan g‘alabasi hamdir. Bu milliy va xalqaro g‘alaba butun dunyoni ruhlantira oladi”, dedi press-brifingda kaolitsiya asoschilaridan biri Bennet Friman.

“Cotton Sampaign” kaolitsiyasi koordinatori Raluka Dumitresku O‘zbekistonda paxta sanoati yangi ish o‘rinlarini yaratishda yirik potensialga ega ekanini, faqat ishlarni tashkil etishda paxta sanoatida ishlayotgan ishchilarning mehnat huquqlarini birinchi navbatda e’tiborga olish zarurligini ta’kidladi.

“O‘zbek paxta sanoati juda ko‘p ish o‘rinlarini yaratishga qodir yirik potensialga ega. Bilamizki, har yili paxta yig‘im terimining o‘zida 1,5 mln odam paxta teradi. Bundan tashqari, 400 ming odam paxta yetishtirishning turli bosqichlarida mehnat qiladi. Va bu sektor rivojlanishi bilan unda band bo‘lgan odamlar soni ham oshadi. Biz O‘zbekistonning tekstil sanoatidagi asosiy manba bo‘la oladigan davlatlardan biriga aylana olish potensiali borligiga ishonamiz”, deya qayd etdi Raluka Dumitresku.

Senat Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyevaning qayd etishicha, boykotni bekor qilish uchun O‘zbekiston juda ko‘p harakat qilgan. Biroq hali yana qilinadigan ishlar ham ko‘p.

“300 dan ortiq yirik brendlar O‘zbekiston paxtasini olishni cheklagandi. Bugun esa hamma xalqaro brendlar uchun O‘zbekistonga bozor ochildi.

Albatta, aytganimizdek, hali yana ko‘plab ishlarni amalga oshirishimiz zarur.

Birinchidan, ishlab chiqarishdagi zanjir: paxtani ekishdan boshlab to tayyor mahsulotga yetib kelguncha bo‘lgan barcha mehnat standartlarini, eng asosiysi, mehnat huquqlarini ta’minlashimiz zarur. Bu oylik masalasi, xavfsiz mehnat sharoiti, ishchilarni erkin jalb qilish kabi ko‘plab komponentlardan iborat.

Ikkinchidan, qonunchilikni takomillashtirib borishimiz zarur. Biz Xalqaro Mehnat Tashkilotining 19 ta konvensiyasini ratifikatsiya qildik, biroq ularning 200 ga yaqin konvensiyalari bor. Ularni ratifikatsiya qilish bilan birga, birinchi navbatda, bajarilishini ta’minlashimiz zarur.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi va xususiy sektor tarmoqlarida mehnat sharoitlarini ta’minlashimiz zarur”, – dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Mavzuga oid