Jahon | 14:30 / 19.08.2025
4061
10 daqiqa o‘qiladi

Oq uyda katta uchrashuv, sulhga rozi bo‘lgan Hamas va Koreyada boshlangan harbiy mashg‘ulotlar – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Oq uyda katta kun»

18 avgust kuni Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy va Yevropaning yetakchi davlatlari boshchilari bilan Ukrainadagi urushni muhokama qildi. Ushbu yig‘ilish Trampning Putin bilan 15 avgustdagi uchrashuvidan keyingi muhim diplomatik bosqich sifatida ko‘rildi.

Zelenskiy tinchlik uchun AQSh va Yevropaning birgalikdagi bosimi zarurligini aytdi. U Tramp bilan qo‘l siqib uchrashdi va urushni tugatish sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukrainaga ishonchli xavfsizlik kafolatlari kerak.

Oq uyda NATO bosh kotibi va Yevropa davlatlari yetakchilari qatnashdi. Ular Ukraina uchun NATOning 5-moddasiga yaqin xavfsizlik kafolatlari zarurligini urg‘ulashdi. Germaniya kansleri Fridrix Mers va boshqalar esa sulh har qanday muzokaradan oldin bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Tramp esa noaniq bayonotlar berdi: «Biz doimiy tinchlikka erishamiz», dedi, ammo Ukraina hududdan voz kechishi masalasiga javob bermadi. U «hududlar almashinuvi imkoniyati»ni tilga oldi, ammo Yevropa rahbarlari bu nuqtada ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirdi.

Yig‘ilishdan so‘ng Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qildi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, 40 daqiqa davom etgan suhbat «ochiq va konstruktiv» o‘tgan, tomonlar yuqori darajadagi muzokarachilar tayinlashga kelishgan. Biroq Putin Zelenskiyni legitim deb hisoblamasligini avvaldan bildirgan.

Tramp va Zelenskiy so‘nggi bayonotlarida eng tortishuvli masalalar – sulh va hududlar taqdiri – Putin bilan yuzma-yuz muzokaraga qoldirilishini aytdi. Tramp uch tomonlama uchrashuvga umid qilmoqda. Uchrashuv yakunida taraflar barqaror tinchlik sari harakat qilish zarurligini takrorladi, ammo asosiy yechimlar hali noma’lum qolmoqda.

Hamas sulh taklifini qabul qildi

Hamas Isroil bilan 60 kunlik sulh taklifini qabul qildi. Unga ko‘ra, G‘azoda ushlab turilgan garovdagilarning yarmi ozod qilinadi va Isroil ayrim falastinlik mahbuslarni qo‘yib yuboradi. Bu haqda Misr rasmiy manbalariga tayanib Reuters xabar bermoqda.

Hamasning yuqori lavozimli rasmiysi Basem Naim ham guruhning sulhga roziligini tasdiqladi. Hamas shuningdek, boshqa Falastin guruhlari ham vositachilarga o‘z roziliklarini bildirganini ma’lum qildi. Isroilning taklifga rasmiy javobi bo‘lmagan, biroq bir rasmiy uning qabul qilinganini tasdiqlagan. Misr va Qatar AQSh qo‘llovi bilan tomonlar o‘rtasida vositachilik qilmoqda.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu o‘z idorasi tarqatgan videoda: «Men ham siz kabi ommaviy axborot vositalaridan xabarlarni eshityapman. Ulardan keladigan asosiy taassurot shuki, Hamas ulkan bosim ostida», dedi.

Misrlik manbaning aytishicha, Hamas qabul qilgan taklif Isroilning harbiy harakatlarini 60 kunga to‘xtatishni va deyarli ikki yil davom etayotgan urushni tugatishga oid kengroq kelishuv uchun asos yaratishni nazarda tutadi.

Isroilning bu oy boshida e’lon qilingan G‘azo shahrini nazoratga olish rejasi doirasida kutilgan yer usti hujumi sababli minglab falastinliklar sharqiy G‘azo shahridagi uylarini tark etmoqda. Ular doimiy bombardimon ostidagi hududlardan g‘arb va janubga tomon yo‘l olmoqda.

Guvohlarning aytishicha, dushanba kuni o‘z kuchini namoyish qilish uchun Isroil tanklari G‘azo shahrining Sabra mahallasiga kirib bordi. Kamida 9 ta tank va buldozer ko‘rilgan. Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari general-leytenant Eyal Zamir mamlakat G‘azo urushida «burilish nuqtasida» turganini, asosiy e’tibor G‘azo shahrida Hamasga qarshi zarbalarni kuchaytirishga qaratilganini aytdi.

Oxirgi marta sulh bo‘yicha bilvosita muzokaralar iyul oxirida o‘tkazilgan va tomonlar o‘zaro ayblashlar bilan yakunlangan edi. Isroil barcha garovdagilar ozod qilinsa va Hamas qurolini tashlasa, janglarni to‘xtatishga rozi bo‘lishini aytgan. Ammo Hamas bu talabni Falastin davlati tuzilmaguncha rad etib kelmoqda.

Isroilning G‘azodan qanchalik chiqib ketishi va gumanitar yordamning qanday yetkazilishi masalasida ham keskin tafovutlar mavjud. Yordam tashkilotlari ocharchilik xavfi ortayotganidan ogohlantirmoqda.

AQSh 6 mingdan ortiq talabalar vizasini bekor qildi

BBC nashrining yozishicha, AQSh Davlat departamenti 6 mingdan ortiq xalqaro talabalar vizasini bekor qilgan. Sabab — AQSh qonunlarini buzish va mamlakatda belgilangan muddatdan ortiq qolish.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, buzilishlarning «katta qismi» zo‘ravonlik, mast holda mashina haydash, o‘g‘rilik va «terrorizmni qo‘llab-quvvatlash» bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu qaror Tramp ma’muriyati immigratsiya va xalqaro talabalar ustidan nazoratni kuchaytirayotgani bir paytda qabul qilindi. Davlat departamenti «terrorizmni qo‘llab-quvvatlash» deganda nimani nazarda tutganini ochiqlamadi, biroq Tramp ma’muriyati Falastinni qo‘llab namoyish qilgan ayrim talabalarni antisemitik xatti-harakatda ayblab kelmoqda.

Bekor qilingan 6 ming vizaning taxminan 4 mingtasi qonunni buzgan talabalar ulushi bo‘ldi. Yana 200–300 viza esa «terrorizm» bilan bog‘liq keng ko‘lamdagi harakatlar uchun bekor qilingan.

Joriy yil boshida Tramp ma’muriyati xalqaro talabalar uchun viza suhbatlarini belgilashni to‘xtatgandi. Iyun oyida jarayon qayta boshlangach, barcha arizachilardan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarini ommaga oshkor etish talab qilindi. Rasmiylarning aytishicha, ular AQSh fuqarolari, madaniyati, hukumati, institutlari yoki asosiy tamoyillariga nisbatan «dushmanlik alomatlari»ni qidirishadi. Demokratlar bu siyosatga qarshi chiqib, uni «qonuniy jarayonlarga hujum» deb atagan.

Open Doors tashkilotiga ko‘ra, 2023–24 o‘quv yilida AQSh oliygohlarida 210 ta xorijiy davlatda 1,1 milliondan ziyod xalqaro talaba tahsil olgan.

Janubiy Koreyada harbiy mashg‘ulotlar

AQSh va Janubiy Koreya Shimoliy Koreya tahdidlariga qarshi qo‘shma mudofaa tayyorgarligini mustahkamlash maqsadida har yili o‘tkaziladigan Ulchi Freedom Shield (UFS) harbiy mashg‘ulotlarini boshladi.

Yonhap agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 11 kunlik manyovrlar 28 avgustgacha davom etadi. Vashington va Seul har yili o‘tkazadigan bu qo‘shma mashqlar ikki davlatning Pxenyanga qarshi mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirishga qaratilgan.

Bu yil «realistik» tahdid ssenariylari asosida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda qariyb 18 ming janubiy koreyalik harbiy xizmatchi qatnashmoqda. UFS doirasida qo‘shimcha ravishda 580 ming fuqaro ishtirokida to‘rt kunlik fuqarolik mudofaasi mashqlari, shuningdek, dronlarga va kiberhujumlarga qarshi choralarni sinovdan o‘tkazish ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, belgilangan 40 ta dala mashqlarining deyarli yarmi sentabr oyiga ko‘chirildi — bu Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi keskinlikni yumshatish choralaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Pxenyan esa odatdagidek bunday mashqlarni «bosqin mashqi» deb atadi. KXDR Mudofaa vaziri «Biz AQSh va Janubiy Koreyaning Shimoliy Koreyaga qarshi mojaroga intilayotganini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi provokatsion harakatlarini qat’iy qoralaymiz», deya bayonot berdi.

AQSh va Janubiy Koreya esa ularni faqat mudofaa xarakteriga ega ekanini ta’kidlab kelmoqda.

30 davlat Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ishlayapti

NATO bosh kotibi Mark Ryutte 30 davlat Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha yagona konsepsiya ustida ishlayotganini, AQSh esa endilikda bu tashabbusga qo‘shilishga tayyor ekanini bildirdi.

Oq uydagi muzokaralardan so‘ng Fox News'ga bergan intervyusida Ryutte bu muloqotlarni «juda muvaffaqiyatli» deb atadi. Unga ko‘ra, bu xavfsizlik kafolatlari sulh yoki, afzalroq variant sifatida, Rossiya va Ukraina o‘rtasida to‘liq tinchlik bitimidan keyin kuchga kirishi mumkin.

«So‘nggi bir necha oy davomida Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron rahbarligida 30 ta davlat, jumladan, Yaponiya va Avstraliya ham xavfsizlik kafolatlari konsepsiyasi ustida ishlamoqda», dedi u.

Ryuttening aytishicha, Tramp dushanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashib, Putin Zelenskiy bilan uchrashishga rozi bo‘lgan. Bu uchrashuv trilateral sammit oldidan o‘tkazilishi kutilmoqda.

«U prezident Putin bilan muloqot davomida Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazishga roziligini ola bildi. Endi ular bu uchrashuv qayerda bo‘lishini muhokama qiladi», dedi u.

Ukrainaning hududiy yon berish masalasi muhokama qilingan-qilinmaganiga oid savolga javoban Ryutte bunday masala Vashingtonda ko‘tarilmaganini aytdi.

Mavzuga oid