Jahon | 07:47 / 05.02.2018
11205
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidenti Shimoliy Koreya rahbarlaridan biri bilan uchrashadi

Foto: AFP

Pxenyan Pyonchgandagi Olimpiadaga boradigan Shimoliy Koreya delegatsiyasiga mamlakatning rasmiy rahbari, oliy xalq yig‘ini prezidiumi (parlament) raisi Kim Yon Nam boshchilik qilishini rasman tasdiqladi.  

Shu munosabat bilan Janubiy Koreya prezidenti Mun Chjye In Olimpiada ochilishiga keladigan Kim Yon Nam bilan uchrashadi. Shuningdek, ikki davlat yetakchisining birga-bir muloqot qilish imkoniyati ham muhokama qilinmoqda. Bu haqda Korea Times nashri xabar bermoqda. 

“Prezident Mun Chjye In Olimpiada ochilishi marosimida Kim Yon Nam bilan uchrashadi”, deyilgan xabarda.

Janubiy Koreya prezidenti ma'muriyatida Mun Chjye Inning Shimoliy Koreyaning rasmiy rahbari bilan alohida uchrashishi muhokama qilinishi qo‘shimcha qilingan. Nashr manbasining ma'lum qilishicha, ayni vaqtda Shimoliy Koreya tomondan bunday uchrashuv tashkillashtirilishi borasida murojaat bo‘lmagan. 

Shimoliy Koreya konstitutsiyasiga ko‘ra 90 yoshli Kim Yon Nam Shimoliy Koreya rahbari lavozimini egallaydi, mamlakat yetakchisi Kim Chen In esa mamlakatning oliy rahbari hisoblanadi.

Mavzuga oid