O‘zbekiston | 12:12 / 14.01.2021
25642
3 daqiqa o‘qiladi

«Ishlatilgan mahsulotlarning muvofiqlik sertifikati taqdim qilinmagan, obekt texnik nazoratchi va ish boshqaruvchisiz qurilgan» - Kozim To‘laganov Jizzaxdagi holat haqida

Qurilish vazirligining 14 yanvar kuni tashkil etilgan matbuot anjumanida Jizzaxdagi uch qavatli bino qulab tushishiga sabab bo‘lgan omillar haqida so‘z bordi.

Foto: Qurilish vazirligi

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, qurilish vaziri o‘rinbosari Kozim To‘laganov qurilish ishlari davomida nazorat olib borilganda temir-beton, g‘isht va sement mahsulotlariga muvofiqlik sertifikati va qurilish poydevori mos kelishi bo‘yicha sinov laboratoriyasi xulosasi taqdim qilinmagani, obektda ishlar texnik nazoratchi va ish boshqaruvchisiz olib borilgani uchun bu ahvol sodir bo‘lganini aytdi.

Vazir o‘rinbosarining bildirishicha, bino uchun 2020 yil 17 noyabr kuni Jizzax viloyati shaharsozlik filiali tomonidan ijobiy ekspertiza olingan.

“Shunga qaramay, buyurtmachi pudratchi tomonidan 1-2 qavatlar xo‘jalik va savdo maishiy xizmat ko‘rsatish uchun, 3-6 qavatlari esa turar joy binolariga moslab “Discovery architecs group” tomonidan qayta ishlab chiqilgan.

Bu narsa hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishilmagan. Obektda qurilish ishlari 2020 yilning mart oyida boshlangan. Qurilish ishlari davomida nazorat olib borilganda, temir-beton, g‘isht va sement mahsulotlariga muvofiqlik sertifikati hamda qurilish poydevorining mos kelishi bo‘yicha sinov laboratoriyasi xulosasi taqdim qilinmagan.

Shuningdek, qurilish obektiga buyruq bilan texnik nazoratchi va ish boshqaruvchi prorab biriktirilmaganligi tufayli inspeksiya tomonidan muddatli yozma ko‘rsatma berilgan.

Shuncha kamchiliklarga qaramay, texnik nazoratchi va ish boshqaruvchisiz ish qilingani uchun bu ahvol sodir bo‘ldi,” – deydi Kozim To‘laganov.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 yanvar kuni soat 17:10da Jizzax shahridagi “Zilol” mahallasi Mustaqillik ko‘chasida yangidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan biri kutilmaganda, hech bir tabiiy ofat ta'sirisiz qulab tushdi.

Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Foydalanishga topshirilmagan bino 6 qavatli bo‘lib, xususiy tadbirkor tomonidan ustki 4 qavati turar joy, dastlabki 2 qavati noturar joy sifatida qurilayotgan bo‘lgan.

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligida hukumat komissiyasi tuzildi.

Komissiya zimmasiga 6 qavatli uyning qulab tushish sabablari, bunga omil bo‘lgan holatlar, loyiha hamda pudratchi tashkilot tomonidan uyning barpo etilishi davrida shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilgani, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha amaldagi normativ-me'yoriy huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqib, taklif kiritish vazifasi yuklatilgan.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mavzuga oid