Jamiyat | 16:01 / 22.09.2025
4502
3 daqiqa o‘qiladi

Mubashshir Ahmad ishi: sud bir haftaga qoldirildi

Ishni ko‘rayotgan sudya Bobur Rahimov «ayni vaqtda boshqa sud majlisi bo‘yicha maslahatga kirib ketgani» sababli diniy ulamo Mubashshir Ahmad ishi bo‘yicha sud majlisi 29 sentabrga qoldirildi. Oldingi majlisda prokuror Erkin Narzullayev suddan «7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish» va «BHMning 150 barobari miqdorida jarima» qo‘llashni so‘ragandi.

Foto: Kun.uz

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida, bugun 22 sentabr kuni ko‘rilishi lozim bo‘lgan taniqli diniy ulamo Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad) ishi bo‘yicha sud majlisi 29 sentabr soat 14:00 ga qoldirildi. Bu haqda sud majlisida bevosita qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Sud qoldirilishiga sabab sifatida «sudya Bobur Rahimov ayni vaqtda boshqa sud majlisi bo‘yicha maslahatga kirib ketgani va jarayon cho‘zilayotgani» keltirildi. Shunga qaramay sud zaliga ulamoning o‘zi ham IIV xodimlari hamrohligida olib kelindi va o‘nlab fuqarolar zalga kiritildi.

18 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi sud majlisida davlat qoralovchisi — Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari Erkin Narzullayev suddan Mubashshir Ahmadni Jinoyat kodeksining 3ta moddasi bo‘yicha aybdor, deb topishni so‘ragandi. Xususan, prokuror Mubashshir Ahmadga «o‘zaro sanksiyalarni qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish» va «BHMning 150 barobari miqdorida jarima» qo‘llashni so‘ragan.

Advokatlar guruhi esa Alisher Tursunovdan 2 ta modda: «Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish» hamda «Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish» ayblovlarini olib tashlashni so‘radi. Advokatlar, shuningdek materiallarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsatisiz tarqatishga doir ayblovni qisman tan olib, bu harakat ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganini bildirdi. Shu sababli, uni JK 70-moddasi tartibda bekor qilishni, tergov organlari rasmiylashtirib olgan texnika va ashyolarni qaytarishni so‘radi.

Shundan so‘ng, sudya Bobur Rahimov 22 sentabr kuni ayblanuvchiga so‘nggi so‘z berilishi hamda hukm chiqarish uchun maslahatlashuv xonasiga kirishini bildirgan edi.

Ma’lumot uchun, Alisher Tursunovga nisbatan Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan:

  • 244-3-modda: Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish;
  • 244-1-modda: Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish;
  • 156-modda: Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish.

Birinchi sud majlisida sudya – prokurorning iltimosiga asosan majlisda audio va foto-videolarni yozib olishni taqiqlagan. Lekin sud jarayoni ochiq o‘tadi – unda OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etishi mumkin.

Dastlabki uchta sud majlislarida ayblov o‘qib eshittirilib, ekspertlar va diniy ulamoning o‘zi ko‘rsatma bergandi.

Mavzuga oid