O‘zbekiston | 14:20 / 30.01.2020
51448
2 daqiqa o‘qiladi

Chiroqchidagi voqea ortidan Qashqadaryo IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari iste'fo berdi

Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Samad Teriqulovich Turdiyev Chiroqchi tumani IIB binosidan gumondorning murdasi chiqishi ortidan iste'fo bergan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB binosida o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilingan.

«Bu odam yuz bergan voqea ortidan vijdoni ko‘tarmasdan iste'fo berib yubordi», deya ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmati ham Samad Turdiyev o‘z tashabbusi bilan iste'foga chiqqanini tasdiqladi.

Ma'lumot uchun, Samad Turdiyev 2017 yilning iyunida Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Bunga qadar u 2015 yil fevralidan Kitob tumani IIB boshlig‘i bo‘lgan. U 2018 yilning martida podpolkovnik darajasiga ko‘tarilgandi.

26 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani Langar qishlog‘ida yashovchi 32 yoshli erkak Yu.A 22 yanvar kuni yashash uyidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib ketilgani, 23 yanvar kuni esa IIBdan uning murdasi chiqqani haqida xabarlar tarqalgandi. 

27 yanvar kuni viloyat prokuraturasi mazkur holat yuzasidan 23 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi («Mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harkatlari olib borilayotganini ma'lum qildi.

«Daryo» muxbiri marhumning yaqinlari bilan, shuningdek, o‘sha kuni Yu.A bilan birga tergov qilish uchun olib borilib, qiynoqqa solingan ota-bola Qurbon Ostonoyev va Bahrom Avliyoqulov bilan ham gaplashgan. Ularning barchasi Yu.A shafqatsizlik bilan kaltaklanganini ta'kidlashgan, IIB xodimlari qotillikni yashirish uchun guvohlarning og‘zini yopishga uringani haqida aytib berishgandi.

Mavzuga oid