«Kafolatlanmagan tadbirkorlar». Poytaxtdagi yuzlab korxonalar gazdan uzib qo‘yildi
Toshkent shahrining Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida faoliyat olib boruvchi ishlab chiqarish korxonalarini gazdan uzish boshlangan. «Hududgazta’minot» AJga ko‘ra, 15 mingdan ortiq tadbirkorlarning ro‘yxati shakllantirilgan, ular bosqichma-bosqich gazdan uzilmoqda. Bu isitish mavsumi boshlangani bilan izohlanyapti. Avvalroq energetika vaziri noyabr oyida havo sovib ketishiga qaramay aholi uchun ham, iqtisodiyot tarmoqlari uchun ham uzluksiz gaz yetkazib berish ta’minlanganini aytgandi.
Bir guruh tadbirkorlar Toshkent shahrining Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida ishlab chiqarish korxonalari gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilganidan norozi bo‘lib, Kun.uz'ga murojaat qildi.
Biznes egalariga ko‘ra, ular oldindan milliardlab so‘mlik buyurtmalar olib qo‘ygan, keyingi rejalari ham shu buyurtmalarga bog‘liq. Agar gaz berilmasa, tadbirkorlar kasod bo‘lishi mumkinligini aytishyapti.
«O‘tgan yili favqulodda chora deb 12 dekabrda gaz uzilgandi. Bu yil gaz berish juda erta to‘xtatildi. O‘zingiz ko‘rib turibsiz, hali sovuq yo‘q, yog‘ingarchilik yo‘q. Oldindan katta buyurtmalar olib qo‘ygandik. Qo‘limizda ishchilarimiz bor, ularga ham oylik to‘lash kerak. Ish to‘xtab qolganidan keyin jiddiy muammolarga duch kelyapmiz. Bu ishlar yakunida iqtisodiyotimiz zarar ko‘radi», deydi murojaatchilardan biri.
Ko‘plab korxonalar faqat tabiiy gazga tayanib ishlaydi. Cheklovlar sharoitida muqobil energiyaga o‘tish xarajatlari tadbirkorlarga og‘irlik qiladi, qo‘shimcha vaqt va mablag‘ talab etadi. Yakunda mahsulot va xizmat narxlari qimmatlashishi, ish o‘rinlari qisqarishi mumkin.
Isitish mavsumi boshlanganidan keyin tadbirkorlarga gaz berish to‘xtatilishi boshlangan
«Hududgazta’minot» AJ matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, gaz yetkazib berish kafolatlanmagan 15 mingdan ortiq tadbirkorlar ro‘yxati shakllantirilgan. Ular bosqichma-bosqich tarmoqdan uzilyapti.
«To‘satdan havo sovib ketsa, xodimlarda ro‘yxatdagi tadbirkorlarning hammasining gazini birdaniga o‘chirish imkoniyati bo‘lmaydi. Hokimiyatlar tomonidan ogohlantirishlar ham berilgan», deyiladi rasmiy izohda.
Gaz idorasi tadbirkorlarni gazdan uzishga asos sifatida Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 mayda qabul qilingan «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorini keltirdi. Qarorning 68-bandida ob-havo sovib ketgan paytda maishiy iste’molchilarni tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda to‘liq o‘chiriladigan, qisman o‘chiriladigan va cheklov kiritiladigan iste’molchilar ro‘yxati shakllantirilishi va Energetika vazirligiga kiritilishi belgilangan.
Qarorda «ob-havo sovib ketganidan keyin» cheklovlar kiritilishi nazarda tutilgan. Ammo oxirgi 10 kunlikda Toshkentda shahrida harorat manfiyga tushmagan bo‘lsa-da, tadbirkorlarni gazdan uzish davom etyapti.
«Hududgazta’minot» AJ axborot xizmatiga ko‘ra, isitish mavsumi boshlangandan keyin bosqichma-bosqich tadbirkorlarga gaz berish to‘xtatila boshlangan.
Avvalroq, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov noyabr oyi o‘tgan yilgi noyabrga nisbatan salqinroq kelganini aytib, tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’moli keskin oshganini ma’lum qilgandi.
«2024 yilning noyabr oyi o‘tgan noyabrga nisbatan salqinroq bo‘lib, qor yog‘ib, harorat –3 darajagacha, ayrim hududlarda –8 darajagacha pasaygan. Bu tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’molini keskin oshirdi. Ushbu [iste’mol] rejimlarini ta’minlash uchun zarur zaxira resurslari jalb qilindi. Gaz omborlarida yetarli hajmda gaz to‘planishi hisobiga gaz bilan ta’minlandi. Aholi uchun ham, iqtisodiyot tarmoqlari uchun ham uzluksiz yetkazib berish ta’minlandi», – degandi u «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.
Shuningdek, Energetika vazirligi issiqxona xo‘jaliklariga gaz yetkazib berishda cheklovlar mavjudligini ham rad etgandi. «Issiqxona egalari belgilangan to‘lovlarni amalga oshirgan holda tabiiy gazdan foydalanish imkoniyatiga ega», – deyilgandi vazirlik axborotida.
Mavzuga oid
11:48 / 02.12.2024
660 mln so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlandi
09:31 / 29.11.2024
4 ta metan zapravka 18 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi
08:51 / 29.11.2024
Banklar balansidagi issiqxona va sexlar tadbirkorlarga berilishi mumkin
20:33 / 28.11.2024