O‘zbekiston | 16:29 / 02.01.2021
154747
3 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida vazir o‘rinbosarining mashinasi jarlikka quladi. Ikki kishi vafot etgan

Yangi yil kechasi dovonda avtohalokatga uchragan suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari oila a'zolarining dafn marosimi 2 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan.

31 dekabrdan 1 yanvarga o‘tar kechasi Qamchiq dovonida suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosarining oila a'zolari bo‘lgan avtomobil halokatga uchradi. Kun.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, YTH oqibatida vazir o‘rinbosarining rafiqasi va 3 yoshli qizi vafot etgan, amaldorning o‘zi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

YTHning bevosita guvohlari tahririyatga yo‘llagan suratlarda «Chevrolet Gentra» rusumli avtomobil chuqurlikka qulagani aks etgan.

2 yanvar kuni Toshkent shahrida dafn marosimi o‘tkazilgan.

Namangan viloyat IIB axborot xizmati YTH tafsilotlari bo‘yicha axborot bergan.

«2020 yil 31 dekabr kuni soat 23:00 larda, A-373 Toshkent – O‘sh yo‘lining Pop tumani «Qo‘shminor» MFY hududidan o‘tuvchi 258-kilometrida Toshkent – Qo‘qon yo‘nalishi bo‘yicha “Chevrolet Gentra” rusumli avtomashinasini boshqarib kelayotgan, Qo‘qon shahrida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan, Toshkent shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Chevrolet Gentra” avtomashinasining orqa chap tomon qismiga urilib ketgan.

Natijada, oldindagi “Chevrolet Gentra” rusumli avtomashinasi yo‘l chetiga chiqib ketib, qiyalikka ag‘darilib ketgan. Haydovchining avtomashina salonida bo‘lgan 1986 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i va 2017 yilda tug‘ilgan qizi olgan tan jarohati oqibatida shifoxonada vafot etgan.

Ushbu holat bo‘yicha Pop tuman IIB huzuridagi TB tomonidan 2021 yil 1 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», deyiladi xabarda.

UPD: Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga hodisa bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berdi. Ma'lum bo‘lishicha, YTHga uchragan vazir o‘rinbosari Vohid Ahmadjonov bo‘lgan, u shaxsiy avtomobilida harakatlangan va oilasi bilan yangi yil bayramini nishonlash uchun vodiyga ketayotgandi.

Mavzuga oid