Jamiyat | 20:55 / 31.01.2019
190400
9 daqiqa o‘qiladi

«Xorazm Beklari» yakson etildi. 6,5 mlrd so‘m kredit olib mehmonxona qurgan tadbirkorning binosi hokimiyat tomonidan buzib tashlandi

«Har bir tadbirkor bilan «Siz» deb gaplashamiz. Odamlar boy bo‘lmasa, davlat boy bo‘la olmaydi. Tadbirkor bo‘lish, pul topish va bank bilan ishlash oson emas. Uning uchun o‘qish kerak, qo‘lga qalam olish kerak», - deb aytgan edi prezidentimiz  Shavkat Mirziyoyev o‘z ma'ruzalaridan birida.

Prezidentning tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosati o‘laroq, tadbirkorlarga iqtisodiyotni rivojlantirishdagi bo‘g‘in sifatida qarala boshlandi. Masalan, ular biror sohada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, davlatga soliqlar to‘lanadi va davlatda pul aylanishining salmog‘i yanada ortadi. Iqtisodiyotni rivojlantirishda tadbirkorlarning o‘rni juda muhim hisoblanadi.

Biroq, hamon joylarda yangicha siyosat mazmunini tushunmay kelayotgan mansabdor shaxslar uchrab turibdi. Yaqinda Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyatidan murojaat kelib tushgandi. Unda turizmni rivojlantirish maqsadida tadbirkor qurayotgan mehmonxona binosi hech qanday asoslarsiz buzib tashlangani aytilgandi. Ushbu  murojaatni joyiga borib o‘rganishga qaror qildik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Ma'lum bo‘lishicha,  2017 yilning 17 noyabr sanasida shahar hokimi qarori bilan «Xorazm Beklari» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga Urganch shahar 28-son «Temir yo‘lchi» mahallasi hududidan (temir yo‘l vokzal oldi maydoni hududi) tasdiqlangan loyihaga muvofiq birinchi qavati restorandan iborat ko‘p qavatli mehmonxona binosi qurilishi uchun yer maydoni ajratiladi. Tegishli ruxsatnoma va xulosalar olingach, tadbirkor qurilish ishlarini boshlaydi.

Biroq, 2018 yilning 1 dekabrida hududga shaharning yangi hokimi Shuhrat Abdullayev keladi va deyarli bitish arafasida bo‘lgan binoni hech qanday ogohlantirish va hujjatlarsiz, og‘zaki topshiriq bilan buzdirishni boshlaydi.

Shuhrat Abdullayev

Tadbirkorning aytishicha, loyihani amalga oshirish uchun Xalq bankidan 6,5 milliard so‘m kredit olingan. Shu vaqtga qadar binoni ko‘tarish uchun 4 milliard so‘mga yaqin kredit va 1 milliard so‘mdan ortiq o‘z hisobidan mablag‘ sarflangan.

Murojaat muallifi bilan suhbatdan so‘ng, buzib tashlangan bino o‘rnini ko‘zdan kechirdik. U yerda hali hanuz buzish ishlari davom etardi. Buzish ishlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli texnika vositasi yordamida olib borilayotgan ekan. Ushbu texnikaning haydovchisi binoni buzib tashlash topshirig‘i hokimiyat tomonidan berilganini tushuntirdi. Buzish ishlari davomida qurilishga sarflangan materiallarning hech biri omon qolmagan. Hali ishlatilmagan materiallarning bir qismi buzish jarayonidagi ehtiyotsizlik tufayli vayron bo‘lib, yana bir qismi noma'lum shaxslar tomonidan talon-taroj qilingan.

Vaziyatga oydinlik kiritish va murojaat yuzasidan o‘tkazilayotgan jurnalistik surishtiruvning xolisligini ta'minlash maqsadida Urganch shahri hokimi Shuhrat Abdullayev bilan bog‘lanishga urindik. Ammo shu kuni vaqtimizni qabulxonada kutish bilan behuda o‘tkazdik. Keyingi kuni ham xuddi shu ahvol takrorlandi. Nihoyat uchinchi kuni, uzoq kutishlardan so‘ng hokim Sh.Abdullayevning qabuliga kirdik va masala yuzasidan uning izohini tingladik.

«Bu bino joylashgan hudud bosh rejaga ko‘ra aholi dam olish maskani bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Loyiha viloyat hokimligi tasdig‘idan ham o‘tmagan ekan. Eski hokim yerni berib yuborgan. Topshiriq bo‘ldi, buzib yubordik.

Tadbirkorning yeri, bankdan olgan krediti va zararini qoplash masalalari ko‘rib chiqiladi», deydi hokim.

Shuhrat Abdullayev

Suhbatdan so‘ng bizda o‘z-o‘zidan bir necha savollar paydo bo‘ldi.

Avvaliga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va tegishli tashkilotlar tomonidan ruxsatnoma va xulosalar olingan obekt deyarli qurib bitirilishi yakunlanay deb qolganda qanday qilib noqonuniy bo‘lib qoldi? Tadbirkorning mablag‘lari hisobiga qurilgan bino Hokimning og‘zaki topshirig‘iga asosan buzib tashlanishini qanday izohlash mumkin? Buzish ishlari nega qonun bilan belgilangan tartibda amalga oshirilmadi? Hokimning binoni buzish haqida buzish ishlari amalda boshlanganidan keyin chiqarilgan qarorida tadbirkorning ko‘rgan zararini qoplash masalalari belgilanmadi?

Shu kabi savollarga hokim «buni hokimiyat yuristidan so‘rash kerak»ligini aytib, javob berishni istamadi.

Buzish haqidagi qarorga eng so‘nggi bo‘lib imzo chekadigan shaxs hokim-u, lekin uning «Buni men bilmayman», deyishi shubhali emasmi? Qaysi hokimlikda hokimning buyrug‘isiz biror bino buzilgan? Biroq, har qancha qiziqqanimiz bilan berilgan savollarga hokimdan tayinli javob ololmadik.

Shuhrat Abdullayev

Qiziq tomoni, «Xorazm Beklari» MChJga tegishli binoni buzilishiga asosiy sabab sifatida ko‘rsatilayotgan Urganch shahrining bosh qurilish rejasi hokimlik mas'ullari tomonidan tanishib chiqish uchun taqdim etilmadi.

Hozirda jamiyat rahbari Umorbek Bekov tushkunlikka tushib qolgan. Har oyda kredit foizlarini so‘ndirish uchun Xalq bankiga 55 million so‘mdan ortiq to‘lov qilmoqda. Tadbirkorning ta'kidlashicha, qarzlarini yopish uchun mablag‘ topish masala juda qiyin kechmoqda, tez orada yashab turgan uyini sotishiga to‘g‘ri kelishi mumkin ekan. Bu holda u nogironligi bo‘lgan otasi va oilasi bilan ko‘chada qoladimi? Bu ham yetmagandek, tadbirkorning keksa onasi farzandiga kreditni to‘lashga ko‘maklashish uchun urush girdobida bo‘lgan Yaman davlatiga ishlash (shifokorlik) uchun ketibdi.

Umorbek Bekov

Tasanno! Tadbirkorni xonavayron qilsak, oilasini ko‘chaga uloqtirishlarini tomosha qilib tursak, ularning o‘zlari yoki onalari notinch yurtlarda ishlashga ketishga majbur bo‘lishiga hissa qo‘shsak...

Qani adolat? Nega joylarda ba'zi hokimlar qonunni chetlab o‘z bilganini qilmoqda? Axir bu prezident olib borayotgan siyosatga zid emasmi? Nega huquqni muhofaza qiluvchi organlar bunday ishlarga panja ortidan qarab kelmoqda?

Tadbirkorning onasi esa o‘zga yurtlarda zorlanib yuribdi. U o‘g‘lining ishlari o‘nglanishidan umidvor, adolat tiklanishini istaydi. Onaizorning o‘g‘liga dalda bo‘lish uchun jo‘natgan audioyozuvlarini eshitib, bunga amin bo‘lishingiz mumkin.

«Assalomu alaykum, o‘g‘lim Umarbek. Yaxshimisan? Muammoing hal bo‘lmoqdami? Ko‘rgan zararing o‘rnini qoplashning yo‘li bormikin?

Bolam, xafa bo‘lma! Alloh bor! U hammasini ko‘rib-bilib turibdi. Inshaalloh u yordam beradi.

Mana, men ham senga yordam berish uchun shu notinch yurtlarga kelib ishlab yuribman. Axir hurmatli prezidentimizning gaplari bor-ku! «Kimki tadbirkorga to‘sqinlik qilsa, u mening dushmanim», deganlar. Men ularning bu so‘zlariga ishonaman.

O‘g‘lim, xafa bo‘lma. Men sizlar uchun hamisha duodaman. Senga Allohdan kuch-quvvat, sabr-toqat va omad tilab qolaman.

O‘zingni tushkunlikka solma, bildirma. Bir kun albatta haqiqat yuzaga chiqishiga ishonaman, o‘g‘lim».

Hozirgi kunda, ochiq aytish kerak, ayrim hokimlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlardan chetga chiqish holatlari hamon davom etmoqda. Biri fermerni do‘pposlaydi, boshqasi istalgan binosini buzdirib tashlaydi. Bunday shaxslarga qonun o‘tmaydimi? Jilovini tortib qo‘yadigan davlat tashkilotlari qayerga qaramoqda? Prezident Shavkat Mirziyoyev hokim va boshqa mansabdorlarga tadbirkor uchun barcha sharoitlarni yaratib berishni qayta va qayta ta'kidlayotgan bir paytda bu kabi holatlar davlat rahbari olib borayotgan odilona siyosatga xiyonat emasmi?

Ayni kunda bu tadbirkorga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moddiy ko‘mak berilmoqda. Ammo ayrim hokimning harakatlari natijasida bir tadbirkor va uning oilasi chirqirab qolmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil uchun mo‘ljallangan eng muhim ustuvor vazifalar haqidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat idoralari xalqqa, jumladan, tadbirkorlarga yaqin ko‘makchi bo‘lishi zarurligi haqida ta'kidladi. Zora, mutasaddi tashkilotlar bu holatga jiddiy e'tibor qaratib, tadbirkorning buzilgan huquqlarining tiklanishi ta'minlansa...

Kun.uz muxbiri Zafarbek Solijonov,
Tasvirchi Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid