Jahon | 19:36 / 03.11.2025
17700
5 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda nima uchun zilzilalar ko‘p sodir bo‘ladi?

Tog‘lar bilan o‘ralgan Afg‘oniston – turli tabiiy ofatlarga moyil mamlakat, lekin eng ko‘p insoniy va moddiy talafotlar aynan yer silkinishlari ortidan sodir bo‘ladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, 1990 yildan buyon Afg‘onistonda magnitudasi 5,0 dan yuqori bo‘lgan yuzlab zilzilalar qayd etilgan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

So‘nggi yillarda Afg‘onistonda bir necha bor yuz bergan kuchli zilzilalar mamlakatni larzaga soldi. Boshqa kambag‘al davlatlar kabi afg‘onlar ham bunday tabiiy ofatlarning oqibatlarini bartaraf qilishda ko‘proq qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ayniqsa, qishloq va chekka hududlardagi «loy g‘isht» va yog‘ochdan yasalgan uylar – kichik tebranishlarga ham juda sezgir bo‘ladi.

Xususan, bugun, 3 noyabr Mozori Sharif yaqinida sodir bo‘lgan 6,3 magnitudali zilzila oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, yuzlab insonlar jarohat oldi. Atigi 2 oy oldin: 31 avgust kuni sodir bo‘lgan dahshatli zilzila va kuchli takroriy silkinishlar natijasida 2 200 dan ortiq kishi halok bo‘lib, minglab odamlar jarohat olgandi.

Foto: Reuters

Reuters nashri, so‘nggi yillardagi urushlar oqibatida vayron bo‘lgan – Afg‘oniston nega tez-tez zilzilalar bilan yuzlashayotgani va ularning oqibatlarini kamaytirish yo‘llari haqida ma’lumot berdi.

Tog‘lar bilan o‘ralgan Afg‘oniston turli tabiiy ofatlarga moyil mamlakatdir, biroq eng ko‘p talafotlar aynan zilzilalar sababli sodir bo‘ladi. Har yili o‘rtacha 560 kishi zilzilalar oqibatida halok bo‘ladi, moddiy zarar esa yiliga 80 million dollarga baholanadi.

Nega Afg‘oniston zilzilalarga moyil?

Afg‘oniston – Yevrosiyo tektonik plitasining eng chetida joylashgan. Bu hudud esa Hind plitasi bilan to‘qnashuv yoki siljish zonasi hisoblanadi. Janubdan esa Arab plitasi ta’siri ostida. Natijada mamlakat – dunyodagi eng faol tektonik hududlardan biri ustida qolgan.

Hind plitasining shimolga siljishi va uning Yevrosiyo plitasiga bosimi Afg‘onistonda tez-tez sodir bo‘ladigan zilzilalarning asosiy sababidir.

Ikki plita o‘rtasidagi tektonik to‘qnashuv natijasidagi ulkan bosim – Yer po‘stini ezib, yorib yuboradi. Hindukush mintaqasida esa bu bosim litosferaning ayrim qismlarini keskin pastga, mantiyaga botirishga olib keladi. Natijada, Afg‘onistonning shimolidagi Pomir–Hindukush mintaqasida 200 km chuqurlikkacha yetadigan kuchli zilzilalar sodir bo‘ladi.

Nashrning yozishicha, Afg‘onistonning sharqiy va shimoli-sharqiy qismlari, xususan O‘zbekiston, Tojikiston va Pokiston bilan chegaradosh hududlar – zilzilaga eng moyil hududlar hisoblanadi. Ular orasida poytaxt Kobul ham bor.

Bundan tashqari, tog‘li hududlarda sodir bo‘lgan zilzilalar ko‘pincha ko‘chkilarga sabab bo‘ladi. Bu esa insonlar hamda mulkka yetadigan zararni yanada kuchaytiradi.

Afg‘oniston tarixidagi kuchli zilzilalar

Tadqiqotlarga ko‘ra, 1990 yildan buyon Afg‘onistonda magnitudasi 5,0 dan yuqori bo‘lgan kamida 355 ta zilzila qayd etilgan. Bundan tashqari, bu davrda 100 ga yaqin «juda katta zarar yetkazgan» zilzilalarni boshdan kechirdi.

Foto: Getty Images

So‘nggi yillardagi – yer silkinishining eng yiriklaridan biri 2022 yilda sodir bo‘lgan: 6 magnitudali zilzila 1 000 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. 2023 yilda esa bir oy ichida yuz bergan bir necha zilzila natijasida yana 1 000 kishi halok bo‘lib, butun qishloqlar vayron bo‘lgan.

2015 yilda qayd etilgan, 75, magnitudali zilzila esa – Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonda jami 399 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.

Eng dahshatli ofatlar esa 1998 yilda kuzatilgan: uch oy ichida ketma-ket ikki zilzila ro‘y bergan: birinchisida 2 300 kishi, ikkinchisida esa 4 700 kishi halok bo‘lgan. Yuqorida qayd etganimiz, bu yil avgustdagi zilzila oqibatida ham 2 mingdan ortiq qurbonlar qayd etildi.

Muammoni qanday yengillashtirish mumkin?

Tadqiqotchilar yangi binolarni zilzilabardosh tarzda qurishni, mavjud inshootlarni esa qayta mustahkamlashni tavsiya etadi. Shuningdek, zilzilalarni kuzatish va erta ogohlantirish tizimini rivojlantirish zarur.

Foto: AP

Bundan tashqari, xavfli tektonik chiziqlarni aniqlash uchun geo-fazoviy va masofaviy zondlash texnologiyalarini qo‘llash kerak. Shundan keyin, bu ma’lumotlar asosida xavfli hududlarda yashovchi aholining ko‘chirilishi tavsiya qilinadi.

Mavzuga oid