O‘zbekiston | 15:43 / 05.01.2024
10681
3 daqiqa o‘qiladi

“Dok-1 Maks”: Kamida 16 nafar bola og‘ir jarohatlangan, qurbonlar soni oshgan

Tergov organiga qaytarilgan “Dok-1 Maks” ishi 1 oylik tanaffusdan so‘ng bugun qayta tiklandi. Ma’lum qilinishicha, yo‘talga qarshi siropdan 16 nafar bola hayot uchun xavfli darajada jiddiy jarohatlangan, 2 nafar bola yengil jarohat olgan, yana 3 nafar bola zaharlanish oqibatida vafot etgan.

Foto: Kun.uz

2023 yil 1 dekabr kuni qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun tergov organiga qaratilgan “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud jarayoni 2024 yil 5 yanvar kuni tiklandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

5 kungi majlisda prokurorning qo‘shimcha ayblov bo‘yicha xulosasi o‘qib eshittirildi. Unga ko‘ra, tergov organlari tomonidan yana 2 nafar shaxs ishga ayblanuvchi sifatida jalb etilgan. Shu tariqa, jinoyat ishida sudlanuvchilar soni 21 nafardan 23 nafarga yetdi.

Ayblov e’lon qilinganlar orasida Sardor Kariyevdan keyin bir muddat Farmagentlik direktori lavozimida ishlagan Ulug‘bek Egamov yo‘q. 22 noyabrdagi sud majlisida Kariyevning himoyachilari jarayonga guvoh sifatida jalb etilgan Egamov ustidan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atishni so‘ragan, sudya bu masala ko‘rib chiqilishini bildirgan edi.

O‘nlab bolalar vafoti bilan bog‘liq mazkur jinoyat ishidan tashqari, “Dok-1 Maks” siropini ichishi oqibatida bolalarning nogiron bo‘lib qolishi holati bo‘yicha tergov harakatlari alohida jinoyat ishi doirasida olib borilgan. 5 yanvar kungi sud majlisida ushbu ikkita jinoyat ishini bitta sud jarayoniga birlashtirilgani ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan yo‘talga qarshi siropdan 16 nafar bola hayot uchun xavfli darajada jiddiy jarohatlangan, 2 nafar bola yengil jarohat olgan, yana 3 nafar bola zaharlanish oqibatida vafot etgan.

Avgust oyida e’lon qilingan birinchi jinoyat ishi doirasidagi tergov xulosasida “Dok-1 Maks” dorisidan 65 nafar bola vafot etgani keltirilgan edi. Shuningdek, Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov 27 oktyabr kungi sud majlisida 66-qurbon ham borligi haqida gapirgandi. Shu tariqa, Mamatqul Azizov nazarda tutgan qurbon ikkinchi jinoyat ishida qamrab olingani yoki yo‘qligiga qarab, qurbonlar soni kamida 68 yoki 69 nafarni tashkil etmoqda.

Sud ishida qatnashayotgan advokat Davron Ahmadovning ma’lum qilishicha, himoyachilarga yangi materiallar bilan tanishib chiqish uchun 1 hafta vaqt berilgan.

Sud ishi 10 yanvar kuni davom ettiriladi.

Mavzuga oid