Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyadagi tug‘uruqxonada yil boshidan beri 9 chaqaloq vafot etdi
Bosh shifokor lavozimidan chetlatildi. Shifoxona respirator infeksiya tarqalgani tufayli karantinga yopildi.
Foto: Rossiya tergov qo‘mitasi
Rossiyaning Novokuznetsk shahridagi 1-son klinik shifoxonasining akusherlik statsionarida yil boshidan beri to‘qqiz nafar chaqaloq vafot etdi. Meduza shov-shuvli hodisa tafsilotlarini keltirdi.
Kemerovo viloyati Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 2025 yil 1 dekabrdan 2026 yil 11 yanvargacha klinikada 234 ta tug‘ruq qabul qilingan. Statsionar reanimatsiya bo‘limida 32 nafar chaqaloq davolangan. Tug‘ilgan chaqaloqlarning 17 nafari o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lib, ulardan 16 nafari muddatiga yetmay tug‘ilgan, shu jumladan, tana vazni o‘ta past bo‘lgan. 17 nafar chaqaloqning barchasida homila ichi infeksiyasi og‘ir kechgan. Barcha chaqaloqlarga klinik tavsiyalarga muvofiq tibbiy yordam ko‘rsatildi, deyiladi xabarda.
«Afsuski, 9 nafar bola tirik qolmadi. To‘rt nafar bola intensiv terapiya bo‘limida nazoratda qolmoqda. To‘rt nafar bola professor Malaxovskiy nomidagi Kuzbass bolalar klinik shifoxonasiga davolanish uchun o‘tkazildi», deyiladi SSV xabarida.
Tug‘ruqxona bir necha kun oldin bemorlarni qabul qilishni to‘xtatgan, bunga bolalar o‘limi yoki kadrlar yetishmasligi sabab bo‘lishi mumkin. Klinika saytida aytilishicha, nafas yo‘llari infeksiyalari bilan kasallanish chegarasidan oshib ketgani sababli akusherlik statsionari «karantin tadbirlari o‘tkazilayotgan vaqtda» bemorlar qabuli to‘xtatilgan.
Kemerovo viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi ikki modda - «Kasbiy vazifalarini lozim darajada bajarmaslik» va «ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘ldirish» bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bosh shifokori Vitaliy Xeraskov lavozimidan chetlatildi. Muassasada Kuzbass prokuraturasi, «Roszdravnadzor» va «Rospotrebnadzor» tekshiruv o‘tkazmoqda.
Vafot etgan chaqaloqlardan birining otasi tug‘ruqxona xodimlari bolalarning ahvoli haqidagi ma’lumotlarni ota-onalardan yashirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tug‘ruqdan so‘ng ertalab tibbiyot xodimlari u bilan bog‘lanib, chaqaloq va rafiqasining ahvoli yaxshi ekanini, tug‘ruq muvaffaqiyatli o‘tganini aytgan. Shu kuni kechqurun u bolaning o‘limidan xabar topdi. Erkakning aytishicha, shifoxona xodimlari uning o‘lim sababi haqidagi savollariga javob berishdan bosh tortgan.
Vafot etgan chaqaloqlardan birining onasi, 26 yoshli Arina B. tug‘ruqxonaning barcha xodimlari kasal bo‘lganini, ular yo‘talib, aksirganini, ammo shifoxonada niqobsiz va qo‘lqopsiz yurganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erta tug‘ilgan chaqalog‘ining qon bosimi ko‘tarilgan, u reanimatsiyaga yuborilgan va u yerda vafot etgan. Shifokorning aytishicha, bunga yurak to‘xtashi sabab bo‘lgan, biroq keyinchalik Arinaning ta’kidlashicha, murdani yorib ko‘rish infeksiya borligini ko‘rsatgan.
Vitaliy Xeraskovning aytishicha, shifoxonada yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan virusli infeksiya aniqlanmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir o‘lim alohida ko‘rib chiqilmoqda. «Ular [bolalar] haqiqatan ham barchasi murakkab, chala tug‘ilgan, har biri o‘ziga xos kasalliklarga ega. Eng muhimi - hozir xavf yo‘q. Homiladorlar uchun ham, umuman shaharliklar uchun ham», dedi bosh shifokor. Xeraskov chaqaloqlar o‘limida shifokorlarning aybini «qat’iyan rad etishini» aytdi.
Tug‘ruqxonada sodir bo‘lgan voqeaga Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenko izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Novokuznetskda chaqaloqlar o‘limi tug‘ilishni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan davlat uchun «fojiaga aylandi». U Kengashning maxsus qo‘mitasiga tergovning borishini kuzatib turishni topshirdi. Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko Novokuznetskka tug‘ruqxona ishini tekshiradigan mutaxassislarni yubordi. Guruhga V.I.Kulakov nomidagi akusherlik, ginekologiya va perinatologiya milliy tibbiy tadqiqot markazi (MMIM) va «Roszdravnadzor» rahbari Alla Samoylova boshchiligidagi Sankt-Peterburg pediatriya universiteti mutaxassislari kiritilgan.
Novokuznetskdagi tug‘ruqxonada ko‘plab shikoyatlar bo‘ldi, dedi Federatsiya Kengashining ijtimoiy siyosat qo‘mitasi rahbari Yelena Perminova. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyat uni hayratda qoldirgan: «Men hozir ijtimoiy tarmoqlar va Novokuznetskka oid xabarlarni ko‘rib chiqdim, u yerda tug‘ayotgan ayollarning ushbu tug‘ruqxona xodimlariga va umuman ushbu tug‘ruqxonaning holatiga nisbatan juda ko‘p e’tirozlari bor edi». Shifoxonadagi bemorlar antisanitariya sharoitlaridan shikoyat qilgan, suvaraklar va kalamushlar bo‘lgani, bemorlarga iflos idishlarda achigan bo‘tqalar va pashsha tushgan choy berilgani, devorlarda esa mog‘or borligini aytgan.
Mavzuga oid
10:35
Rossiyada jazo o‘tayotgan 3 mingdan ortiq o‘zbekistonlik qaytarilishi mumkin
09:04
Rossiya benzin eksportini iyul oxirigacha to‘xtatdi
18:59 / 02.04.2026
Qirg‘izistonda Rossiya qiruvchi samolyotlarining mashg‘ulotlari to‘xtatildi
09:57 / 02.04.2026