Iqtisodiyot | 17:45 / 05.05.2026
5519
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi tadbirkorlarning peshlavha muammosi prezidentga olib chiqildi

Peshlavhani reklama deb baholash va pasport rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi. Dizayn-kod talablari tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

5 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan peshlavhalar masalasi ko‘rib chiqildi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ayrim hollarda korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmoqda. Bu tadbirkorlar uchun qo‘shimcha ma’muriy yuk bo‘lishi bilan birga, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarining tanilishi, mijozlar oqimi va tushumiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik sub’yektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama sifatida baholamaslik va buning uchun pasport rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etildi.

Reklamalar va boshqa axborot belgilarini joylashtirishga doir dizayn talablarini tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslarga tegishli transport vositalariga o‘z savdo belgisini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.

“Davlatimiz rahbari tadbirkorlik uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish zarurligini ta’kidladi”, – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid