O‘zbekiston | 19:19 / 01.02.2020
54167
3 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi organ amaldorlar xarajatlarining daromadiga mosligini tekshiradi

O‘zbekistonda amaldorlar xarajatlarining ular topadigan daromadga muvofiqligi nazoratga olinadi. Bu ish bilan korrupsiyaga qarshi kurash maqsadida tuziladigan yangi organ shug‘ullanadi.

31 yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida olimlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari va ishlab chiqarish sektori vakillari bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tuziladigan yangi organ haqida gapirib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, davlat rahbari dastlab farmatsevtika tarmog‘idagi muammolar va tizimning korrupsiyalashgani haqida gapirgan.

«Farmatsevtika haqida ochiq gapiraylik, bizga har yili 1 mlrd dollarga yaqin dori importga kelyapti. 1 mlrd dollar. O‘zbekistonning valutasi qurtday ketyapti. Shuni har yili 200-250 mln.ini o‘zimizda ishlab chiqarsak bo‘lmaydimi? Yo‘q, bizda yo‘q bunaqa narsa.

Bu tizimning hammasi korrupsiya, orqasida odamlar bor, poraxo‘rlar bor. Katta-katta tizimlar bor. Mana biz qanchasini sindiryapmiz hozir», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident endilikda amaldorlar xarajatlarining ular topadigan daromadga muvofiqligi qattiq nazoratga olinishini ta’kidladi.

«Nima uchun men korrupsiyaga qarshi kurash organini tuzyapman? Bu organ «ura-ura» uchun yaratilmayapti, u amalda korrupsiya omillarini, vazirlar va boshqalarning qanday uyda yashashi, o‘zini tutishi, mashina sotib olishi, bolasini qayerda o‘qitishi, umuman korrupsiya omillari qayerda, degan masalalarga javob beradigan tizim bo‘ladi.

Bu organ prezidentning yoki boshqa amaldorning oyligi bilan nima ish qilish mumkinligini hisoblaydi. Biz bunga juda ko‘p tayyorgarlik qilyapmiz va buni butun jamiyatga targ‘ib qilishimiz kerak.

Zamon o‘zgaryapti, vahshiylikdan, o‘g‘rilikdan qutulish kerak. Amaldorlar daromadining omillarini tushuntirib bersa, haloli bo‘lsin. Tiyilishi kerak, tiyilmayapti ayrim noinsoflar», dedi u.

Mirziyoyev o‘z nutqida shu kunlarda bojxona postlaridan birining boshlig‘i hibsga olingani va uning uyidan 400 ming dollar topilgani haqida ham gapirdi.

«Kecha bitta post rahbari qamaldi. Uyida 400 ming dollar. Bir kichkina post rahbari. Bu hali bir kunlik. Biz dunyo hamjamiyati bizni tan olishi uchun harakat qilyapmiz. Shunday paytda bu kabi ishlar davom etsa, nima bo‘ladi?

Mana shu tizimga rozi bo‘lmagan kishini xalq oldida rahbar bo‘lishga haqqi yo‘q, to‘nini tashlasin», – dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida parlament palatalari rahbarlari, bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar va boshqa qator mansabdorlar mulk va daromadlarini deklaratsiya qilishiga oid prezident qarori loyihasi muhokamaga chiqarilgan edi. Loyihada yangi tizimga 2020 yil 1 yanvardan o‘tish rejalashtirilgandi.

24 yanvar kuni Mirziyoyev parlamentga murojaatida korrupsiyaga qarshi mustaqil organ tashkil etilishini e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid