O‘zbekiston | 17:52 / 07.02.2026
10201
4 daqiqa o‘qiladi

Tog‘larga ko‘p qor yog‘di: bu yil barakali, ammo xavfli mavsum bo‘ladi

Hisor tog‘ etaklari, ayniqsa Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining tog‘li hududlarida bu yil odatdagidan ko‘p qor va yomg‘ir yog‘ishi kuzatilmoqda. Bu bir tomondan suv zaxiralari uchun ijobiy holat bo‘lsa, ikkinchi tomondan qishloqlarning uzilib qolishi va bahorda toshqinlar xavfini kuchaytirmoqda. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov yil avvalidagi yog‘inlar va ularning oqibatlari haqida fikr yuritadi.

Iqlimshunosga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyidan beri yog‘ingarchilik deyarli muttasil davom etgan. Uch-to‘rt kun qor yog‘ib, qorlar erimasdan turib yana yog‘ingarchilik kuzatilgan. Natijada Hisor va Oloy tog‘ tizmalarida odatdagidan ko‘p qor zaxirasi to‘plangan.

Bu holat tog‘larda joylashgan kuzatuv stansiyalarida ham qayd etilgani aytilmoqda. Masalan, Xo‘jand va Dushanbeni bog‘lovchi Anzob dovonida qariyb 2 metrga yaqin qor yig‘ilgan. Bu esa yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan 2024 yilga nisbatan ham qariyb ikki barobar ko‘p demakdir. O‘sha yili qish va bahor oylarida yog‘ingarchilik yuqori bo‘lgan edi. Shu bois joriy yilda hudud uchun suv zaxirasi bilan bog‘liq vaziyat ancha barqaror va barokatli bo‘lishi mumkin, deydi mutaxassis.

Biroq kuchli qor yog‘ishi xavfli holatlarni ham keltirib chiqaryapti. Joriy tunda Tojikistondagi M-34 avtomagistralida, Anzob dovoni kirish qismida qor ko‘chkisi yuz bergan. Oqibatda tunnel ichida avtomobillar va odamlar qolib ketgani xabar qilindi.

O‘zbekistonda ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Nurota va Xatirchi tumanlaridagi tog‘li qishloqlarni bog‘lovchi yo‘llar yopilib qolgani haqidagi tasvirlar tarqaldi. Xususan, Chuya va Langar qishloqlariga olib boruvchi yo‘llarda 2-3 metr qalinlikda qor yig‘ilgan. Shuningdek, Qamashi tumanining Qiziltom qishlog‘iga boruvchi 10 kilometrlik yo‘l qariyb ikki oy davomida qor bilan qoplanib, qishloq tashqi dunyodan uzilib qolgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim hududlarda qor qalinligi 2-3 metrga yetgan. Bu holat to‘liq anomal hisoblanmaydi, ammo so‘nggi yillarda bunday vaziyat deyarli kuzatilmagan.

Iqlimshunosning qayd etishicha, so‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi yaqqol sezilmoqda. Bahorning erta boshlanishi va issiq kunlarning tez kirib kelishi qorlarning shiddat bilan erishiga olib kelishi mumkin. Bu esa yog‘ingarchilik bilan qo‘shilib, soylar va daryolarda suv toshqinlari xavfini oshiradi.

Shu bois nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni Tojikiston va Qirg‘izistonda ham mas’ul idoralar daryo o‘zanlarini mustahkamlash, qirg‘oqlarni tiklash ishlariga alohida e’tibor qaratishlari lozim. Mutaxassislarga ko‘ra, joriy mavsum ayniqsa Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi uchun eng mas’uliyatli davrlardan biri bo‘ladi.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid