O‘zbekiston | 08:07 / 02.02.2020
30592
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo viloyati IIB boshlig‘iga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Polkovnik Ulug‘bek Musayev Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining probatsiya va jazoni ijro etish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Ichki ishlar vazirligining hududiy tizimlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi.

IIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Ulug‘bek Musayev ushbu tayinlovga qadar  Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jazoni ijro etish bo‘limi 17-son jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan.

Eslatib o‘tamiz, 26 yanvar kuni Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani Langar qishlog‘ida yashovchi 32 yoshli erkak Yu.A 22 yanvar kuni yashash uyidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib ketilgani, 23 yanvar kuni esa IIBdan uning murdasi chiqqani haqida xabarlar tarqalgandi. 

27 yanvar kuni viloyat prokuraturasi mazkur holat yuzasidan 23 yanvar kuni Chiroqchi tumani IIO FMB xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi («Mansab vakolati doirasidan chetga chiqish») va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harkatlari olib borilayotganini ma'lum qildi.

Mazkur voqea yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB binosida OAV xodimlari uchun o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov IIB binosida odam o‘limi holati yangilik emasligini ta'kidlab o‘tdi va viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari Samad Turdiyev bu voqeadan keyin o‘z xohishiga ko‘ra lavozimini tark etganini bildirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid