O‘zbekiston | 14:32 / 01.01.2019
10351
4 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim tashkilotlarini akkreditatsiyalash tartibi belgilanadi

Foto: O‘zA

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 10 fevraldagi 21-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalari va nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom joylashtirildi.

Ta'lim tashkilotlari akkreditatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonuni hamda mazkur nizomda belgilangan talablar asosida o‘tkaziladi.

Akkreditatsiyaning asosiy prinsiplari:

akkreditatsiya tizimini tashkil etilishining mustaqil va obektiv xarakterdaligi;
to‘la oshkoralik;
shaffoflik;
davriylik, ya'ni ta'lim tashkiloti (ta'lim dasturlari) uchun akkreditatsiyalanganlik maqomi muddatining cheklanganligi.

Ta'lim tashkilotlarini akkreditatsiyalash Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan akkreditatsiya ekspertizasi natijalariga asosan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan tashkil etilgan ta'lim muassasalari 5 yilga qadar akkreditatsiyalangan deb hisoblanadi.

Yangi tashkil etilgan ta'lim tashkilotlarini akkreditatsiya ekspertizasidan o‘tkazish bitiruv yakunlariga ko‘ra ta'lim oluvchilar tayyorlash davri to‘la tugagandan so‘ng o‘tkaziladi.

Lisenziyaga ega bo‘lgan, akkreditatsiyadan o‘tmagan nodavlat ta'lim muassasalari va nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat akkreditatsiya qilingan ta'lim muassasalarining tegishli ta'lim dasturlari bo‘yicha imtihonlar topshirgandan keyin beriladi.

Ta'lim tashkilotlari faoliyatini tashqi baholash Davlat inspeksiyasi tomonidan tashkil etiladi.

Ta'lim tashkilotlari (ta'lim dasturlari) 5 yilda bir marta akkreditatsiya ekspertizasidan o‘tkaziladi.

Oliy ta'lim muassasasi tarkibida filiallar va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim turi mavjud bo‘lsa, ularning akkreditatsiya ekspertizasi oliy ta'lim muassasasining asosiy ta'lim faoliyatini akkreditatsiya ekspertizasi bilan bir vaqtda o‘tkaziladi.

Ta'lim tashkilotlarini akkreditatsiyalash quyidagi bosqichlardan iborat:

akkreditatsiya jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish;
ta'lim tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan ichki baholash natijalarini tahlil qilish;
ekspertlar komissiyasi tomonidan ta'lim tashkilotini tashqi baholash;
akkreditatsiya komissiyasi tomonidan ta'lim tashkilotini akkreditatsiyalash bo‘yicha qaror qabul qilish;
akkreditatsiyalash jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ta'lim tashkilotini rivojlantirish bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda yo‘l xaritasini ishlab chiqish hamda ijroga yo‘naltirish;
yo‘l xaritasi ijrosi nazoratini olib borish.

Oliy ta'lim muassasasi tarkibidagi ta'lim sifatini nazorat qilish bo‘limi ushbu oliy ta'lim muassasasida ichki baholashni amalga oshiradi.

Boshqa ta'lim tashkilotlarida ichki baholash ta'lim tashkiloti rahbarining buyrug‘i bilan tashkil etilgan komissiya tomonidan o‘tkaziladi.

Ta'lim tashkilotining ichki baholash komissiyasi ushbu Nizomda belgilangan ko‘rsatkichlar asosida o‘zini o‘zi ikki oy oldin baholaydi va natijalarini tashqi baholash boshlanishidan kamida bir oy oldin ta'lim muassasasi rahbarining elektron imzosi bilan Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim etadi.

Ta'lim tashkilotini ichki baholashning asosiy maqsadi:

ta'lim tashkiloti (ta'lim dasturlari)ning faoliyatini akkreditatsiyalash ko‘rsatkichlari va mezonlari asosida baholash;
ta'lim tashkilotida ta'lim sifati va mazmunining davlat ta'lim standartlari va davlat talablariga muvofiqligini aniqlash;
ichki baholash natijalari bo‘yicha mavjud muammolar va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
ta'lim tashkilotida tashqi baholashni o‘tkazishga zamin yaratish.

Mavzuga oid