O‘zbekiston | 13:11 / 10.08.2018
38649
6 daqiqa o‘qiladi

Nodavlat ta'lim muassasasi: ijobiy va salbiy jihatlar

Foto: Fotolia

Jamiyatda ta'lim mavzusi har doim dolzarb bo‘lib kelgan, ayniqsa, ta'lim sohasida uni yanada sifatli va innovatsion bo‘lishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirilayotgan hozirgi paytda. «Maktab» ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan obekt, bu yerda bolalarni o‘qitish va tarbiyalash jarayoni amalga oshirilmoqda. Shu sababli, xalq ta'limi mavzusi ota-onalarda doimo qiziqish uyg‘otadi. So‘nggi vaqtlarda ota-onalar o‘z farzandlarini xususiy maktabga berishga intilayotgani ko‘p eshitilmoqda, ular bunga sifatliroq ta'lim va qulay sharoitlar bilan izoh berishmoqda. Biroq, boshqa tomondan, moliyaviy jihat haqidagi masala ham shakllanmoqda. Axir xususiy sektorda ta'lim olish uchun pul to‘lash kerak.

Ushbu omillarni hisobga olgan holda, nodavlat ta'lim muassasalarida (NTM) ta'limning barcha ijobiy va salbiy tomonlarini tahlil qilamiz.

Ta'lim sifati. Ta'kidlash joizki, NTM xuddi davlat maktablari kabi davlat ta'lim standartlari (davlat talablari), o‘quv rejalari va o‘quv dasturlariga muvofiq davlat ta'lim normalari shaklida faoliyat yuritadi. Shu bilan birga, samaradorlikni oshirish uchun xalqaro eng yaxshi amaliyotlardan foydalanish mumkin. Bunday maktabni qanday topish mumkin? Agar muassasa nomida «International» so‘zi ishlatilsa, unda siz bu yerda chet ellik mutaxassislar ishlashi yoki xalqaro ta'lim tajribasi qo‘llanilishiga amin bo‘lishingiz mumkin. Ushbu shakl, albatta, ta'lim oluvchilar uchun plyus bo‘ladi. Ammo, bu NTMda ta'lim davlat maktablariga qaraganda yaxshiroq bo‘lishini kafolatlamaydi. Shuni tushunish kerakki, ta'limda muassasa shakli emas, balki pedagog katta rol o‘ynaydi.

Qulaylik. Bu yerda ota-onalar uchun ham, talabalar uchun ham ikkita qulaylik darajasini ajratish mumkin. Deyarli 24 soat davomida ishlaydigan ota-onalar uchun NTM «najot» bo‘ladi. Muassasalarning ishlash tartibi o‘rtacha 08.00dan 18.00gacha. Bola kun bo‘yi pedagoglar nazoratida bo‘ladi, bilim oladi, to‘garaklarga qatnaydi, uy vazifalarini bajaradi, kuniga o‘rtacha uch mahal ovqatlanadi. Boshqa tomondan, bunday rejim bolaga katta psixologik yuk bo‘lib tushadi. U hamma narsani qilishga va rejim doirasida ulgurishga majbur. O‘quvchi «shaxsiy vaqt» va «shaxsiy makon»da juda cheklangan bo‘ladi.

Maktab jihozlari. Bu masalada NTMning ustunligi bor. Xususiy sektorda moddiy bazaning imkoniyatlari ancha kengroq, shuning uchun yaxshi jihozlangan xonalar, zamonaviy texnologiyalar va texnikadan foydalanish ilg‘or, sifatli ta'lim bilan birga kechadi. Biroq bu omil barcha xususiy maktablarda mavjud emas. Jihozlanish ko‘lamini qanday aniqlash mumkin? Juda oddiy. NTMdagi oylik to‘lov miqdoriga e'tibor bering. Pul qanchalik yuqori bo‘lsa, maktab shuncha ko‘proq jihozlangan bo‘ladi. Biznes bu baribir biznes.

Bolaning ta'lim olishi va o‘zlashtirishi. Bu maktab shakliga uncha bog‘liq bo‘lmagan omil. Biroq, ba'zi ota-onalarning fikricha, xususiy maktabda baholar faqat ijobiy bo‘lishi kerak. Shuni tushunish kerakki, ta'limdagi muvaffaqiyat maktab nomi va ota-onaning puliga emas, balki o‘quvchi hamda pedagogning o‘ziga bog‘liq. Agar bola davlat maktabidan NTMga o‘tkazilsa, bu uning natijalari yaxshilanishiga kafolat bermaydi. Ushbu holatda shu narsa plyus bo‘ladiki, xususiy maktab sinflarida o‘rtacha 15-20 nafar bola ta'lim oladi. Bu o‘qituvchiga sinfdagi har bir bolaga e'tibor berish imkonini yaratadi. Uning xususiyatlari va qobiliyatlarini payqashda ham.

Xavfsizlik. Bu NTMdagi eng ijobiy jihat. Xususiy maktab - qo‘riqlash ostida bo‘lgan yopiq hudud. Aksariyat NTM videokuzatuv tizimlaridan foydalanadi. Xususiy maktablar son jihatidan davlatniki bilan taqqoslaganda uncha katta bo‘lmagani sababli, bu qo‘riqlash xizmatiga har bir bola va uning ota-onasini shaxsan tanish imkonini beradi. Hududga begonalar kira olmaydi.

Moliya. Shuni ta'kidlash kerakki, NTMda o‘qitish baribir cho‘ntakka ancha qimmatga tushadi. Xususiy sektorda o‘qitishning qiymati jihozlar va muassasaning mashhurligiga qarab belgilanadi. Innovatsion va yaxshi jihozlangan maktabda ta'lim narxi o‘rtacha oyiga 2 milliondan 3 million so‘mgacha bo‘ladi. Mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi hisobga olinsa, bunday maktablar ko‘pchilik uchun ancha qimmatlik tug‘diradi.

NTMda bepul ta'lim olish imkoniyati bormi? Bor! Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovga muhtoj oilalarning iste'dodli va iqtidorli bolalari uchun NTMda bepul ta'lim olish imkoniyati mavjud. Bunday bolalar tanlov asosida va jami o‘quvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan chegarada olinadi.

Albatta, muassasani tanlash ota-onalar ixtiyorida, lekin o‘quvchining xohish-istaklari haqida unutish kerak emas. Maktabda siz emas, balki farzandingiz o‘qiydi! Maktab binosi, jihozlar va mashhur nomga e'tibor berib, inson omili haqida ham unutmang.

Natasha Kucheryavaya

Mavzuga oid