O‘zbekiston | 11:54 / 25.02.2021
15661
5 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda qurilish talablarini buzgan bir qancha kompaniyalarga chora ko‘rildi

Jizzaxda qurilish talablarini buzgan va qurilayotgan obektni ekspertizadan o‘tkazmagan kompaniyalarga nisbatan chora ko‘rilmoqda.

Qurilish vazirligi matbuot xizmati tomonidan ma'lum qilinishicha, 2021 yilning yanvarida Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan amalga oshirilayotgan pudrat tashkilotlar «Arslon Shamshod» xususiy korxonasi, «Mahfuza-O», «Kolorit sintez» hamda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqqan loyiha tashkilotlari «Asilbek Pauyer Projyekt» MChJga bitta holat bo‘yicha va «Grand super projyekt» MChJga 5ta holat bo‘yicha Jizzax viloyat Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida bajarmagani aniqlangan hamda ushbu ishlar bo‘yicha hujjatlar yig‘ilib, G‘allaorol tuman sudiga yuborilgan.

Jumladan, Jizzax shahar «Alisher Navoiy» mahallasida joylashgan bosh pudratchi «Qangli qurilish materiallari» MChJ bo‘lgan 4 qavatdan iborat 3-4 xonali 32 xonadonga ega 14-sonli turar joy binosi qurilish obektining loyiha hujjatlari «O‘zShaharsozlikLITI» davlat unitar korxonasi tomonidan 2014 yil ishlab chiqilib, turar joyning 1-2-yo‘lagida joylashgan 16ta xonadonda qurilish montaj ishlari tugatilgan.

Binoning qolgan qismlarida esa qurilish montaj ishlari davom etmoqda. Ammo binoning old tomonida pudrat tashkilot tomonidan bino oldidan ko‘cha tomonga 6.0 p/m qo‘shimcha yerga poydevor qo‘yish ishlari bajarilib, qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Bundan tashqari, buyurtmachi va pudratchi «Qangli qurilish materiallari» MChJ tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmagan, ya'ni shahar Arxitektura boshqarmasi kengashidan o‘tkazilmagan.

Loyiha uchun ekspertiza xulosalari olinmasdan, o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Ushbu holat bo‘yicha Jizzax viloyat Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilish montaj ishlarini to‘xtatish bo‘yicha buyurtmachiga ko‘rsatma berilgan va yig‘ilgan hujjatlar Jizzax shahar prokuraturasiga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

Shuningdek, yana ushbu manzilda joylashgan (qurilishi tugallanmagan) 7 qavatli mehmonxona binosi qurilishi buyurtmachi va pudratchi «Agrostandartplyus» MChJ tomonidan olib borilmoqda. Obekt tasdiqlangan loyiha hujjatlariga ko‘ra 7 qavat qurilishi talab etilgan bo‘lsa-da, binoga qo‘shimcha 8-qavat qurilishi boshlab yuborilgan, buyurtmachi binoga kiritilgan o‘zgarishlarni shahar Arxitektura qurilish boshqarmasi bilan kelishuvdan o‘tkazmagan, loyiha uchun ijobiy ekspertiza xulosalari olinmagan.

Ushbu holat bo‘yicha buyurtmachi tashkilot «Agrostandartplyus» MChJga va loyihachi tashkilot «Jizzax bunyodkor loyiha» MChJga nisbatan hujjatlar to‘planib, ma'muriy javobgarlik bo‘yicha sud organlariga yuborilgan. Jumladan, obektda qurilish montaj ishlarini to‘xtatish bo‘yicha inspeksiya tomonidan ko‘rsatma berilgan.

Ta'kidlanishicha, Jizzax viloyati hududida 2021 yil 15 fevral holatiga ko‘ra jami 65ta tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan amalga oshiriladigan qurilish obektlari inspeksiya tomonidan ro‘yxatga olingan. Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan qurilayotgan uy-joylar tahlil qilib ko‘rilsa, tadbirkorlar orasida har xil soha vakillari bor va bu ular tomonidan olib borilayotgan qurilish obektlarida ichki va texnik nazorat ishlarini olib borish imkoniyatlari yetarli emasligini ko‘rsatmoqda.

Hozirda Jizzaxda soha mutaxassislari, ya'ni qurilish muhandislari yetishmasligi ko‘p kuzatilayotgani, shaharsozlik sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlarning ba'zilarida qonunchilik normalari va talablarini bilmaslik yoki huquqiy savod yetishmasligi ham yuzaga chiqayotgani qayd etilgan.

Shu bois, vazirlik tomonidan tadbirkor quruvchilardan amaldagi qonunchiliklarni tushungan va boshqalar taqdirini ham o‘ylagan holda qurilish nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan talab etilgan ko‘rsatmalar ijrosini o‘z vaqtida va o‘rnida bajarishlari so‘ralgan.

Bundan avvalroq Toshkent viloyatida uchta ko‘p qavatli uy, savdo majmuasi va bojxona terminali noqonuniy ravishda qurilayotgani aniqlangani xabar qilingandi.

Mavzuga oid