O‘zbekiston | 21:42 / 01.11.2018
39392
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatining sobiq hokimi viloyat hokimiga qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosar bo‘ldi

Rustam Qurbonnazarovich Xolmatov Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda «Kun.uz» manbasi xabar bermoqda.

U Oqqo‘rg‘on va Bekoboddagi voqealar ortidan ishdan bo‘shagan viloyat hokimi o‘rinbosari o‘rnini egalladi.

Rustam Xolmatov bungacha Jizzax viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Rustam Xolmatov 1961 yilda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. U Toshkent xalq xo‘jaligi institutini (hozirgi Toshkent iqtisodiyot universiteti) iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan. 

U 1995 yildan 2003 yilgacha Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, keyinroq Chinoz va Quyi Chirchiq tumanlari hokimi bo‘lib ishlagan. 2008 yildan 2013 yilgacha esa Toshkent viloyati hokimi bo‘lgan. 2013 yilning aprelida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Rustam Xolmatovni o‘z qo‘li ostidagilarga zug‘um o‘tkazishda va korruptsion jinoyatlarda ayblab, ishdan olgandi. U 2017 yilning aprelida Jizzax viloyati hokimiga o‘rinbosar sifatida davlat ishiga qaytgandi.

Mavzuga oid