O‘zbekiston | 15:40 / 24.09.2019
51775
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Azizov Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qaroriga binoan Daniya qirolligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ishlayotgan Abdulla Abdusalomovich Azizov Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u 2004 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini tamomlagan. 2003 yil Yaponiyaning Nagoya universitetida iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qigan. 2006 yili Daniyaning Orxus universitetida moliya va xalqaro biznes yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan. Shuningdek, 2006 yilda Daniyaning Orxus texnika kollejini IT-dasturchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, ushbu yo‘nalishda mehnat faoliyatini boshlagan.

A.Azizov 2006 yildan bugungi kunga qadar Daniyada “Maersk A/S”, “DONG Energy A/S”, “Carlsberg A/S”, “Implement consulting group”, “Vestas A/S” hamda yangi lavozimga tayinlangunga qadar “Danfoss” kompaniyasida Moliyaviy biznes loyihalarini avtomatlashtirish sohasiga yuqori standartlarni joriy qilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

A.Azizov Davlat soliq qo‘mitasida joriy yilning may-avgust oylarida ekspert sifatida faoliyat olib bordi.

Ushbu qisqa davrda Rossiya Federal soliq xizmati, Birlashgan Arab Amirligi, Janubiy Koreya, Xitoy va Jahon banki ekspertlari bilan soliq organlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda bu sohada malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha kelishuvlar imzolanishiga erishildi, deyiladi Soliq qo‘mitasi xabarida.

Bundan oldin, Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Bahodir To‘xtamishovich Turobov O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid