Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda havo sifatini yaxshilash: issiqxonalar Surxondaryoga ko‘chiriladi
Havo sifatini yaxshilash maqsadida Toshkent shahridagi va Toshkent viloyatining beshta tumanidagi issiqxonalarni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qaror qabul qilindi.
Arxiv foto: Kun.uz
2026 yil 25 martda qabul qilingan “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan edi.
2026 yil 9 aprelda qabul qilingan hukumat qarori bilan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan, atrof-muhit va insonlar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan issiqxona xo‘jaliklari ana o‘sha “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chiriladigan bo‘ldi.
Qarorning qisqacha tafsilotlari:
- Issiqxonalarga ko‘chish xarajatlari qoplab beriladi, kreditlarini qaytarish muddatlari esa uzaytiriladi.
- Ixtiyoriy ravishda ko‘chishga rozi bo‘lmagan issiqxonalar gazdan uziladi; ko‘mir, mazut yoki boshqa narsalarni yoqqan taqdirda jarima 20 barobarga, suv solig‘i 5 barobarga oshiriladi.
- Ko‘chib ketgan issiqxonalardan bo‘shagan yer maydonlarida faqat bog‘dorchilik, uzumchilik yoki ko‘chatchilik bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.
Batafsil
Qarorga ko‘ra, Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlari hududidagi issiqxonalar Surxondaryo viloyatiga ixtiyoriy ko‘chib o‘tishga quyidagicha tartibda rag‘batlantiriladi:
- xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamg‘armalar, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda tijorat banklarining mablag‘lari hisobidan ajratilgan milliy va xorijiy valutadagi kreditlarni qaytarish muddatlari 5 yilga, shundan imtiyozli davri 3 yilgacha uzaytiriladi, avval taqdim qilingan kafillik va kredit foizlari kompensatsiyalari saqlab qolinadi;
- 2028 yil 1 aprelga qadar "Surxon-Agro" zonasi hududiga ko‘chadigan issiqxonalar uchun issiqxona konstruksiya va uskunalarini demontaj qilish, tashish va qayta o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar 1 sotix yer maydoni uchun bir martalik, biroq 500 ming so‘mgacha miqdorda Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, Qibray, Yangiyo‘l, Zangiota va Toshkent tumanlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilash maqsadida:
- 2026 yil 1 iyundan boshlab ko‘mir, mazut va atmosferaga zararli yoqilg‘ilaridan foydalanishni nazarda tutuvchi yangi issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ruxsat berilmaydi;
2026 yil 1 avgustdan boshlab esa:
- mavjud issiqxonalarga tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi va mavjud shartnomalar belgilangan tartibda gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan bekor qilinadi;
- issiqxonalar tomonidan iste’mol qilinadigan suv resurslari uchun to‘lovlar (soliq stavkasi) sanoat korxonalari uchun belgilangan eng yuqori tariflarning 5 baravari miqdorida hisoblanadi;
- issiqxonalarda yoqilg‘i sifatida ko‘mir, shinalar, bitum, mazut, plyonka, sintetik karton, rezina, jun tolasi hamda shunga o‘xshash komponentlarni o‘z ichiga olgan materiallarni yoqish natijasida atrof tabiiy muhit ifloslantirgani va chiqindilar joylashtirgani uchun kompensatsiya to‘lovlari 20 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi va mazkur tadbirkorlik sub’yektiga berilgan ekologik ekspertiza xulosasi qayta ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, poytaxtda va sanab o‘tilgan 5 ta tumanda quyidagi yo‘nalishlarda davlat tomonidan taqdim etiladigan imtiyoz, xizmat va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralaridan issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish uchun foydalanishga cheklovlar o‘rnatildi:
- "mahalla yettiligi"ning kollegial qarorlari asosida beriladigan barcha turdagi ijtimoiy va moddiy yordam hamda faoliyat turini yo‘lga qo‘yish maqsadida davlat tomonidan beriladigan barcha subsidiya va preferensiyalar;
- jismoniy va yuridik shaxslarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga kredit liniyalari ajratish, kredit limitlarini belgilash va mavjud kreditlar bo‘yicha limitlarni qayta ko‘rib chiqish;
- ekologik talablarga rioya etilmagan hollarda davlat ekologik ekspertizasi bo‘yicha ijobiy xulosa berilmaydi, shuningdek, ilgari berilgan xulosaning amal qilishi belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatiladi.
Poytaxtda va sanab o‘tilgan 5 ta tumanda ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga ilmiy maqsadlar uchun (seleksiya navlari sinovi, urug‘ va ko‘chatlarni ko‘paytirish, xorijiy nav va duragaylarni mahalliy iqlimga moslashtirish), istisno tariqasida, ekologik talablarga rioya etgan holda mavjud issiqxonalardan foydalanishga ruxsat etiladi.
Issiqxonalardan bo‘shagan yer maydonlari bo‘yicha:
- ijarachilar tomonidan hududning ixtisosligidan kelib chiqib intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik va ko‘chatchilik yo‘nalishlarida faoliyatini davom ettirish yoki "yashil bog‘lar" barpo etishga ruxsat beriladi;
- davlat mulki bo‘lgan va tadbirkorlik sub’yektlariga ijara huquqi asosida berilgan yer uchastkalaridagi issiqxonalar faoliyati to‘xtatilib, yer uchastkalarida bino va inshootlar qurish (kapital qurilish) ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
Issiqxonalarning ko‘chirilishi munosabati bilan subsidiya ajratish va to‘lash mexanizmlarini nazarda tutuvchi qaror loyihasi 2 oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi belgilandi.
"Surxon-Agro" zonasining master rejasi esa 2026 yil 1 sentabrgacha tayyor bo‘lishi kerak.
Mavzuga oid
18:30 / 11.04.2026
Toshkent taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
16:17 / 11.04.2026
O‘zbekiston havo sifatini yaxshilash uchun Qozog‘iston bilan hamkorlik qiladi
12:44 / 09.04.2026
Toshkentda avtobusga chiqib yo‘l haqini to‘lamagan 32 ming kishi jarimaga tortildi
12:23 / 09.04.2026