O‘zbekiston | 20:29 / 27.07.2023
6801
4 daqiqa o‘qiladi

7 yilda 5-o‘zgarish. Turizm shu bilan o‘z o‘rnini topa oladimi?

Mustaqil O‘zbekiston tarixida turizm sohasini boshqaruvchi vakolatli davlat organining tashkiliy tuzilmasi 6 marta o‘zgartirilgan. Shundan 5 tasi oxirgi 7 yilga to‘g‘ri keladi. Bu safar soha endi ekologiya qanoti ostiga berilganidan kelib chiqsak, bu o‘zgarish oxirgisi emasligi aniq.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda turizm sohasi boshqaruvi hech “o‘z o‘rniga” tushmayapti: “tepasi” bir qo‘mitaga, bir vazirlikka aylangan soha endilikda madaniyat tizimidan ajratib olinib, ekologiyaga berildi. Bu – o‘tgan 31 yildagi 6-o‘zgarish.

Mustaqil O‘zbekistonning turizm sohasidagi ilk boshqaruv organi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi hisoblanadi. U 1992 yil 27 iyul kuni prezident farmoni bilan tashkil etilgan. “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi qariyb 25 yil – 2016 yilning dekabr oyiga qadar turizm sohasida respublikaning yagona siyosatini amalga oshirib kelgan.

2016 yil 2 dekabrda prezident farmoni bilan “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi tugatildi va uning negizida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil qilindi. Farmonga ko‘ra, qo‘mita turizm sohasida vakolatli davlat organi qilib belgilandi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 5 yil “umr ko‘rdi”. Prezidentning 2021 yil 6 apreldagi farmoni bilan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil etildi. Vazirlik turizm, jismoniy tarbiya, sport va madaniy meros sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanishi belgilandi.

Shu tariqa, turizm 10 oy sport sohasi bilan birga yurdi. 2022 yil 18 fevralga kelib, prezident farmoni bilan Turizm va sport vazirligi negizida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil qilindi. Farmon bilan vazirlik turizm va madaniy meros sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruv organi hisoblanishi belgilandi.

2022 yil oxiridagi ma’muriy islohotlar paytida esa Turizm va sport vazirligi hamda Madaniyat vazirligi negizida Madaniyat va turizm vazirligi tashkil etildi. Ammo turizm sohasi bu vazirlikka ham “sig‘madi”. So‘nggi o‘zgarishdan so‘ng turizm sohasi madaniyat tizimi “bag‘ridan yulib olinib”, ekologiyaga berildi: Ekologiya vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi tashkil etildi.

Shu tariqa, soha boshqaruvi ayni vaqtda ekologiya va iqlim vaziri bo‘lib turgan Aziz Abduhakimovga qaytmoqda.

Ammo bu o‘zgarish ham so‘nggisi bo‘lmasligi ehtimoli katta. Boisi oxirgi 6 yilda Aziz Abduhakimov qayerda bo‘lsa, turizm sohasi ham o‘sha yerda bo‘lgan. Demak, Aziz Abduhakimov ekologiya vazirligidan ketsa, masala yana kun tartibiga qaytadi.

Ma’lumot uchun, Aziz Abduhakimov 2017-2018 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi, 2018-2021 yillarda bosh vazir o‘rinbosari – ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy soha masalalari majmuasi rahbari, 2020-2021 yillarda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi, 2021-2022 yillarda bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri, 2022 yilda bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri sifatida faoliyat olib borgan.

Mavzuga oid