O‘zbekiston | 19:52 / 15.08.2025
5939
2 daqiqa o‘qiladi

FVV yonilg‘i quyish, saqlash va tashish korxonalarining rahbarlariga murojaat bilan chiqdi

So‘nggi oylarda qator viloyatlardagi zapravkalarda yong‘in va portlash holatlari sodir bo‘ldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Favqulodda vaziyatlar vazirligi yonilg‘i quyish, saqlash va tashish korxonalarining rahbarlariga murojaat bilan chiqdi.

Vazirlik o‘z murojaatida ushbu obektlarda texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, FVV xodimlari tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmalarni belgilangan tartibda bajarishni so‘radi.

Ta’kidlanishicha, yonilg‘ilar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida bu kabi yonish va portlash ehtimoli yuqori bo‘lgan obektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha alohida tartib o‘rnatilishi, yong‘inga qarshi vositalar doimiy soz holatda bo‘lishi hamda bu ishlarga mas’ul shaxslar tayinlanishi lozim.

16 iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi gaz to‘ldirish stansiyasi hududida yonilg‘i saqlash rezervuarida chaqnash va undan so‘ng yong‘in sodir bo‘lishi oqibatida 5 kishi vafot etgandi. 5 avgust kuni ham shu tumanda zapravka portladi.

8 avgustda esa Xorazm viloyati Urganch shahrida, 10 avgust kuni Samarqand viloyatining Jomboy tumanida zapravkada yong‘in ro‘y bergandi. 13 avgust kuni esa Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanidagi propan zapravkada portlash va yong‘in ro‘y berdi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid