O‘zbekiston | 12:00 / 09.03.2020
7120
5 daqiqa o‘qiladi

Bank kartalarini emissiya qilish tartibi tasdiqlanadi

Bank kartalarini emissiya qilish va ularni muomalada bo‘lishi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Bank kartalarini emissiya qilish va ularni muomalada bo‘lishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, to‘lov tizimi ishtirokchilari quyidagilarga amal qilishlari shart:

O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartasini emissiya qilish, xizmat ko‘rsatish, ular orqali hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirishning o‘rnatilgan tartib va qoidasiga rioya qilish;

bank kartalaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish uchun xavfsizlik chora-tadbirlarini ta'minlash;

ular ixtiyorida mavjud bo‘lgan va muomaladagi bank kartalari, to‘lov tizimi ishtirokchilari, foydalaniladigan texnologiya va dasturiy-texnik vositalar, to‘lov operatori tomonidan o‘rnatilgan ish tartibi va qoidalari to‘g‘risidagi tijorat va bank siri hisoblangan ma'lumotlarni oshkor qilmaslikni ta'minlash;

bank kartasi saqlovchilari hamda ular tomonidan bank kartalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni sir saqlash.

Bank kartalari karta hisobvarag‘i egasi, amal qilish tartibi va ma'lum bir to‘lov tizimiga tegishliligiga qarab har xil turlarga bo‘linadi.

Karta hisobvarag‘ining egasiga qarab bank kartalari: shaxsiy va korporativlarga bank kartalariga bo‘linadi:

shaxsiy bank kartasi o‘z saqlovchisiga jismoniy (yakka tartibdagi tadbirkordan tashqari) shaxsning karta hisobvarag‘ida (karta hisobvaraqlarida)gi pul mablag‘larini boshqarish imkoniyatini beradi. Shaxsiy bank kartalari, bank kartasi saqlovchisining ruxsati bilan boshqa shaxslar (oila a'zolari va boshqalar) tomonidan foydalanilishi mumkin;

korporativ bank kartasi o‘z saqlovchisiga – ya'ni yuridik shaxsning vakolatiga ega xodimi yoki yakka tartibdagi tadbirkorga, karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘larini boshqarish imkoniyatini beradi. Korporativ bank kartasi faqat naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ish haqini va boshqa ijtimoiy tusdagi to‘lovlar hamda naqd pul mablag‘larini to‘lash uchun ishlatilishi mumkin emas.

Bank kartalari amal qilish tartibiga ko‘ra debet va kredit bank kartalariga bo‘linadi:

debet bank kartasi o‘z saqlovchisiga u va bank kartasi emitenti o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga binoan, tegishli karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari qoldig‘i doirasida tovar (ish, xizmat va boshqalar)ga haq to‘lash va (yoki) naqd pul mablag‘larini (korporativ bank kartalar bundan mustasno) olish uchun tasarruf etish imkonini beradi;

kredit bank kartasi o‘z saqlovchisiga, bank kartaning emitenti va saqlovchisi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga binoan tovar (ish, xizmat va boshqalar)ga haq to‘lash va (yoki) naqd pul mablag‘larini (korporativ bank kartalar bundan mustasno) olish uchun tegishli karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari qoldig‘idan ortiq operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Ikkita va undan ortiq to‘lov tizimlarida ishlaydigan va ularning logotiplarini o‘zida aks ettirgan bank kartalari kobeydjing kartalari deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarini emissiya qilish O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan banklar tomonidan amalga oshiriladi.

Biron bir to‘lov tizimiga tegishli bo‘lgan bank kartalarini emissiya qilish, sertifikatlangan dasturiy-texnik vositalardan foydalangan holda, tegishli to‘lov operatori tomonidan o‘rnatilgan qoidalarga asosan emitent tomonidan amalga oshiriladi.

Qo‘shimcha bank kartalarini emissiya qilish karta hisobvarag‘i egasining yozma yoki elektron arizasi asosida amalga oshiriladi. Virtual kartalar emissiyasi bankning yoki to‘lov tizimining mobil ilovasi, veb saytidagi “shaxsiy kabineti” orqali oferta asosida amalga oshiriladi.

Bank kartalarining majburiy rekvizitlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:

bank kartasi saqlovchisining familiyasi va ismi (shaxsiy bank kartalari uchun);

karta hisobvarag‘i egasi bo‘lgan yuridik shaxsning o‘z firmasi (rasmiy) nomlanishi va (yoki) uning to‘lov tizimidagi shartli raqami (korporativ bank kartalari uchun);

bank kartasi emitentining rasmiy nomi;

bank kartasining raqamlari va amal qilish muddati.

Majburiy rekvizitlar bank kartasiga davlat tilida kiritiladi.

To‘lov tizimi doirasida chiqariladigan bank kartalarida, identifikatsiya belgilari va bank kartalarining belgilari bo‘lgan boshqa majburiy rekvizitlar mazkur tizim qoidalari bo‘yicha o‘rnatilishi mumkin.

Mavzuga oid