O‘zbekiston | 18:20 / 20.06.2023
10536
3 daqiqa o‘qiladi

Uch oyda 1,4 millionta ma’muriy javobgarlik qayd etildi. Ularning yarmi haydovchilarga oid

2023 yilning birinchi choragida qayd etilgan ma’muriy huquqbuzarliklarga doir statistika ochiqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, bor-yo‘g‘i 3 oy ichida 1 million 422 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Bu – O‘zbekiston aholisining qariyb 4 foiziga teng.

Hukumatning ochiq ma’lumotlar portali hamda Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida 2023 yilning birinchi choragi – yanvar-mart oylaridagi ma’muriy huquqbuzarliklarga doir statistik ma’lumotlar ochiqlandi.

Ma’lum qilinishicha, bu davrda 1 mln 422 ming nafarga yaqin fuqaroga nisbatan ma’muriy javobgarlik qo‘llangan.

Huquqbuzarlarning yarmidan ko‘pi (762 ming) yo‘l-transport sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlikka tortilgan. Keyingi eng ko‘p huquqbuzarliklar boshqaruv tartibiga qarshi (201 mingdan ortiq), jamoat tartibiga qarshi (142 mingdan ortiq), savdo va tadbirkorlik sohasidagi (97 mingdan ortiq) hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi (84 mingdan ortiq) huquqbuzarliklar toifasiga kiradi.

Ma’muriy huquqbuzarliklar hududlar kesimida eng ko‘p poytaxt Toshkentda qayd etilgan: 3 oyda 190 mingdan ortiq. Ushbu muddatda Toshkent viloyatida 181 mingdan ortiq huquqbuzarlik qayd etilgan.

Bundan tashqari, mazkur davrda yana 5 ta hududda: Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Andijon va Namangan viloyatlarining har birida 100 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik rasmiylashtirilgan.

Statistikaga ko‘ra, yo‘l-transport sohasidagi 500 mingdan ortiq qoidabuzarliklarning asosiy qismi MJtKning 7 ta moddasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Masalan, haydovchilar mashinasini piyodalar yo‘lagidan yurgizishi, yo‘l belgilari va boshqa qoidalari rioya etmasligi natijasida 3 oy ichida 290 mingdan ortiq ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Yana bir keng tarqalgan qoidabuzarlik transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish esa 150 ming martadan ortiqroq sodir etilgan.

Bundan tashqari, mazkur muddatda piyodalar va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilari tomonidan ham 30 mingdan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan.

Statistikada ochiqlangan yana bir turdagi ma’muriy huquqbuzarlik – pasport tizimi qoidalarini buzish bo‘yicha 132 mingdan ortiq bayonnoma tuzilgan.

Mayda bezorilik hamda jamoat joylarida alkogol iste’mol qilish yuzasidan javobgarlikka tortilgan shaxslar soni 90 mingdan ortadi. Shuningdek, 3 oy davomida 22 mingdan ortiq fuqaro ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagani uchun javobgarlikka tortilgan. Yana 5 ming 600 fuqaro sanitariya qonun hujjatlari hamda epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzgan deb topilgan.

Statistikada ochiqlanmagan boshqa turdagi qoidabuzarliklar soni ham kichik emas – 3 oyda 622 980 nafar shaxsga qo‘llangan ma’muriy javobgarlikning aniq moddalari ma’lum emas.

Agar ochiq ma’lumotlar portalida keltirilgan raqamlarga tayanilsa, 600 mingdan ortiq huquqbuzarliklarning taxminiy kartinasi paydo bo‘ladi. Ya’ni 3 oy davomida qayd etilgan 1,4 milliondan ortiq huquqbuzarlikning asosiy qismi (700 mingdan ortig‘i) yo‘l-transport sohasiga aloqador. Qolgan turdagi huquqbuzarliklarning asosiy qismi esa boshqaruv va jamoat tartibiga qarshi moddalar bilan malakalangan. Bundan tashqari, savdo, moliya hamda sog‘liqni saqlash sohasidagi huquqbuzarliklar katta raqamlarni tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid