O‘zbekiston | 08:32 / 06.05.2019
4489
6 daqiqa o‘qiladi

Hukumat nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari bo‘yicha qaror qabul qiladi

Foto: Getty Images/ William Whitehurst

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma'muriy sud ishlari bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazishga ixtisoslashgan, shtatida sud eksperti sertifikatiga ega mutaxassislari bo‘lgan tashkilot hisoblanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti qonun hujjatlarida nazarda tutilgan istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi mumkin, oilaviy korxona bundan mustasno. Sud eksperti faqat bitta nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishi mumkin.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari sud ekspertizasini o‘tkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi, ular kabi huquqqa ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar hisoblanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti faqat sud ekspertizasini amalga oshirish faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining firma nomida uning nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti ekanligi ko‘rsatilishi shart.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari asosida ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha shartnomaga muvofiq tadqiqotlar o‘tkazishi mumkin. Tadqiqot natijalari bo‘yicha mutaxassis fikri beriladi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti o‘zining mulki yoki egaligida bo‘lgan yoxud ijaraga olingan xonalarga, tegishli sud ekspertizasini xavfsiz amalga oshirishga imkon beradigan va standartlar talablariga mos bo‘lgan moddiy-texnik bazasiga ega bo‘lishi lozim. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini turar joyda amalga oshirish taqiqlanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud ekspertizasi shartnomaga muvofiq pullik asosda amalga oshiriladi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti amalga oshiriladigan sud ekspertizasi narxlarini mustaqil belgilaydi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan sud ekspertizalari o‘tkazilganligi uchun to‘lov sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ekspertizani o‘tkazish bo‘yicha shartnomaga ko‘ra to‘lov amalga oshirilmaganligi tekshirish obektlari va ish materiallarini ekspertiza o‘tkazmasdan qaytarish uchun asos hisoblanadi.

Sud ekspertizasini tayinlagan organ nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmagan taqdirda qayta sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshirilgan sud ekspertizasi xulosasi bo‘yicha qo‘shimcha va qayta sud ekspertizasi, shu jumladan komissiyaviy va kompleks sud ekspertizalari nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilishi mumkin.  

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti respublikaning barcha hududlaridan, shuningdek xorijiy mamlakatlardan olingan buyurtmalar asosida sud ekspertizasini amalga oshirish huquqiga ega.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertizasini o‘tkazishda tegishli davlat sud ekspertiza muassasalarining ilmiy kengashlari tomonidan ma'qullangan ilmiy-uslubiy qo‘llanmalarga, shuningdek mustaqil tarzda ishlab chiqilgan va davlat sud ekspertiza muassasalarida aprobatsiyadan o‘tgan uslubiyotlarga amal qilishi lozim.

Sud eksperti lavozimdan bo‘shatilganda, vafot etganda yoki belgilangan tartibda qasddan jinoyat sodir etishda aybdor deb topilganda yoxud qonun hujjatlariga muvofiq sud ekspertizasini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi boshqa holatlar yuzaga kelganda uning yurituvida bo‘lgan sud ekspertiza ishi nodavlat sud-ekspertiza rahbari tomonidan boshqa malakali sud ekspertiga topshirilishi mumkin. Bu to‘g‘risida sud ekspertizasini tayinlagan organga darhol xabar beriladi. Sud ekspertiza ishini boshqa malakali sud ekspertiga topshirish imkoniyati bo‘lmaganda nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari uch kunlik muddatda tekshirish obektlari va ish materiallarini sud ekspertizasini tayinlagan organga qaytaradi. Bunda, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti amalga oshirilgan to‘lovni shartnomaga muvofiq qaytaradi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) bilan kelishmasdan boshqa shaxslarni ekspertiza o‘tkazish uchun jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari sifatida faqat sud eksperti faoliyat olib borishi mumkin.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti shtatida uning rahbaridan tashqari bir xil yoki turli xil sud ekspertizasi yo‘nalishi bo‘yicha sud eksperti sertifikatiga ega kamida ikki nafar sud eksperti bo‘lishi lozim.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud eksperti lavozimini oliy ma'lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotiga ega bo‘lgan shaxslar egallashi mumkin.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining rahbari oliy ma'lumotli bo‘lishi shart.

Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs sud eksperti sifatida jalb etilishi mumkin emas.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari va sud ekspertlari har ikki yilda malakasi va huquqiy bilimlarini oshirishlari lozim.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining sud eksperti tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda sud eksperti sertifikatini olmasdan turib yoki har ikki yilda malakasi va huquqiy bilimini oshirmasdan sud ekspertizasi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sud eksperti sertifikatini olgandan keyin uzluksiz ravishda besh yil davomida o‘z ixtisosligi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini olib bormagan shaxs faqat qayta tayyorlash kurslaridan takroran muvaffaqiyatli o‘tgandan keyin sud ekspertizasini o‘tkazishga haqli.

Mavzuga oid