O‘zbekiston | 12:48 / 27.11.2025
5342
3 daqiqa o‘qiladi

Mahmud Istamov adliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi

Prezident qaroriga muvofiq, Mahmud Istamov adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. U bu vazifaga tayinlangunga qadar vazir o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Foto: Adliya vazirligi

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, prezidentning tegishli qarori bilan Istamov Mahmud Shuhratovich adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Mahmud Istamov 1979 yilda Buxoro viloyati, Buxoro shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. 2000 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 2000 yilda Adliya vazirligi Idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan. Keyinchalik shu boshqarmada bosh maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

2004–2005 yillarda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan ta’minlash markazi rahbari, 2005–2006 yillarda esa Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Shundan so‘ng bir qator mas’ul lavozimlarni egallab kelgan:

2006–2011 yillarda – prezident devonining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi xizmatida adliya va sud idoralari masalalari bo‘yicha inspektor;
2011–2014 yillarda – shu xizmatning Adliya va sud idoralari masalalari shu’basi yetakchi inspektori;
2014–2017 yillarda – prezident devonining Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmatida Siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilish shu’basi mudiri;
2017 yilda – prezident devoni Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati Sud-huquq sohasidagi qonunchilik shu’basi mudiri;
2017–2019 yillarda – adliya vazirining o‘rinbosari, keyin birinchi o‘rinbosari;
2019–2021 yillarda – Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari;
2021–2024 yillarda – Buxoro viloyati prokurori;
2024–2025 yillarda – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Devoni rahbari.

2025 yildan buyon u O‘zbekiston adliya vazirining o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan edi. Endilikda prezident qaroriga asosan Mahmud Istamov adliya vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid