Jahon | 21:43 / 29.09.2025
4741
2 daqiqa o‘qiladi

Shengen zonaga kirib-chiqishda pasportga muhr bosish to‘xtatiladi

Yevropaga tez-tez boruvchilarning pasportidagi sahifalar tejaladigan bo‘ldi: Shengen zona qisqa muddatga kelib ketuvchilarning pasportlariga kirish va chiqish vaqtida muhr bosish amaliyotini to‘xtatmoqda. Buning o‘rniga yangi elektron tizim joriy etiladi.

Foto: Canva

Yevropalik bo‘lmaganlar, jumladan o‘zbekistonliklar ham tez orada Shengen zonaga kirish paytida ayrim o‘zgarishlarga duch kelishadi.

Yevropa Ittifoqi 2025 yil 12 oktyabrdan e’tiboran Entry/Exit System (“Kirish-chiqish tizimi”) nomli yangi tartibni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu tartib 2026 yil 10 aprelgacha shengen zonaga kirib-chiquvchi barcha nuqtalarni qamrab oladi.

Yangi tizim kirish va chiqish vaqtida sayyohning pasportiga muhr qo‘yishni bekor qiladi. Barcha ma’lumotlar, xususan kirish-chiqish sanalari ham elektron tizimda saqlanadi.

Buning uchun chet elliklar shengen zonaga birinchi marta kirayotgan (yoki yangi tizim ishga tushganidan keyin shengen zonadan birinchi marta chiqayotgan) vaqtda yangi tizimga ularning biometrik ma’lumotlari kiritiladi: yuzi suratga tushirilib, barmoq izi olinadi.

Suratga tushish va barmoq izlari topshirish uchun mustaqil ravishda avtomat-kiosklardan foydalanish yoki an’anaviy tarzda pasport-nazorat xodimiga murojaat qilish mumkin.

Ro‘yxatdan o‘tayotgan shaxslar o‘z sayohati haqidagi savollarga javob berishga, masalan shengen zonada bo‘lgan payti qayerda yashashiga aniqlik kiritishga va uni hujjatlar asosida tasdiqlab berishga tayyor bo‘lishi kerak.

Yangi tartib elektron bo‘lgani uchun, 90/180 qoidasi (180 kun ichida ko‘pi bilan 90 kun qolish)ga rioya etilishi bo‘yicha nazoratni kuchaytiradi. Ya’ni Shengen zonada ruxsat berilganidan ortiqcha vaqt qolib ketganlarning qoidabuzarligini hech kim sezmay qolishi ehtimoli deyarli nolga teng bo‘ladi.

Qayd etish lozim, yangi tartib vizalar masalasida hech narsani o‘zgartirmaydi. Viza olishi talab etiladigan shaxslar bundan keyin ham shengen zonaga viza olgan holda borishlari va belgilangan barcha qoidalarga rioya etishlari zarur.

Mavzuga oid