Jahon | 14:19
619
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya 2025 yilda oilani birlashtirish bo‘yicha 100 mingdan ortiq viza berdi

Germaniya TIV joriy yilda oilani birlashtirish uchun qariyb 102 mingta viza bergan. Ularning yarmida Germaniyada yashaydigan xorijliklarning turmush o‘rtoqlari kirishga ruxsat olgan. Eng ko‘p vizalar turklar va suriyaliklarga berilgan.

Foto: Lisi Niesner/REUTERS

O‘tayotgan yilda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi oilani birlashtirish uchun 100 mingdan ortiq viza bergan. Bu haqda 21 dekabr, yakshanba kuni Welt am Sonntag gazetasi idora ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Noyabr oyi oxirigacha bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, bunday vizalar soni 101 756 tani tashkil etgan. Eng ko‘p vizalar turklar (qariyb 15 ming viza) va suriyaliklarga (13,1 ming) berilgan, keyingi o‘rinlarda hindlar (qariyb 9,3 ming), Kosovo aholisi (7,1 ming) va albanlar (taxminan 4,5 ming) keladi.

Qariyb 44,5 ming holatda TIV Germaniyada yashaydigan xorijliklarning turmush o‘rtoqlariga viza bergan. Germaniya fuqarolarining er-xotinlariga 16 mingdan ortiq kirish ruxsatnomasi taqdim etilgan. Shuningdek, ota-onasi yoniga Germaniyaga ko‘chib kelgan bolalar 37 mingdan ortiq viza olgan. Bolalari yoniga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan ota-onalar uchun Germaniya taxminan 3,5 mingta hujjat rasmiylashtirgan.

Oilani birlashtirish uchun eng ko‘p vizani — 130 mingdan ortiq — Germaniya 2023 yilda bergan. 2024 yilda bu ko‘rsatkich biroz pasaygan.

Bu yil ham bunday vizalar soni kamayishining davom etishiga sabablardan biri — yozda Bundestag himoya maqomi cheklangan qochqinlar uchun oilani birlashtirishni to‘xtatib qo‘ygani. Qabul qilingan qonun loyihasi ikki yilgacha har yili Germaniyaga ko‘pi bilan 12 000 nafar oila a’zosining kirib kelish amaliyotini to‘xtatadi. Shu bilan birga, og‘ir holatlar uchun istisnolar ko‘zda tutilgan — masalan, bolalar uchun yoki og‘ir kasalliklar bo‘lgan holatlarda.

Qonun loyihasini taklif etgan ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt qabul qilingan chorani noqonuniy migrant tashishga qarshi kurash bilan izohlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar qochqin mamlakatga boshpana olish huquqisiz kirgan bo‘lsa ham, “butun oila uning ortidan kelib olishi mumkin” bo‘lgan. Uning fikricha, bu migrantlarni olib o‘tish bilan shug‘ullanuvchi “jinoiy to‘dalarning biznes-modeli”ni quvvatlab kelgan.

Mavzuga oid