O‘zbekiston | 16:18 / 03.05.2024
6277
6 daqiqa o‘qiladi

Butan va Sudan orasida. O‘zbekiston matbuot erkinligi reytingida 11 pog‘ona pastlab, 148-o‘ringa tushdi

«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkilotining matbuot erkinligi indeksida O‘zbekiston bir yil oldingiga qaraganda 11 pog‘onaga pastlab, 180 ta davlat orasida 148-o‘rinni egalladi. Kuzatuvchilar O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘yicha vaziyatni «og‘ir»dan «juda jiddiy»ga o‘zgartirishgan.

«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro nodavlat tashkiloti 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kunida har yillik an’anaviy matbuot erkinligi indeksini e’lon qildi. 2024 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingda O‘zbekiston 11 pog‘onaga pasayib, 180 davlat orasida 148-o‘rinni egallagan.

Xalqaro kuzatuvchilar 2024 yil bo‘yicha O‘zbekistondagi OAV erkinligi holatini 100 balldan 37,27 ballga baholagan.

Metodologiya bo‘yicha dunyo mamlakatlaridagi OAV erkinligining holati besh xil indikator: siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va xavfsizlik nuqtayi nazardan baholangan. O‘tgan yil bilan taqqoslanganda, indeksda O‘zbekistonning o‘rni siyosiy indikator bo‘yicha 20 pog‘onaga, huquqiy indikator bo‘yicha 17 pog‘onaga, iqtisodiy va xavfsizlik indikatorlari bo‘yicha 9 pog‘onaga yomonlashgan. Faqatgina ijtimoiy indikator bo‘yicha 2 pog‘ona o‘sishga erishilgan.

«2016 yilda prezident Islom Karimovning o‘limidan keyin ommaviy axborot vositalari uchun vaziyat birozgina yaxshilangan, ammo davlat hokimiyatini tanqid qilish qiyinligicha qolmoqda», – deyiladi hisobotda.

«Chegara bilmas muxbirlar» O‘zbekistondagi vaziyatni tasvirlar ekan, rasmiylar ommaviy axborot vositalariga qarshi repressiv qonunlarni tugatish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni haligacha amalga oshirmaganini qayd etgan. Senzura, kuzatuv va o‘z-o‘zini cheklash keng tarqalgan. Mustaqilligini saqlab qolish va katta jarimaga tortilish xavfi ostida ayrim mahalliy internet nashrlar OAV sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tishni istamasligi keltirilgan. Davlat OAV va hukumat bilan aloqalarga ega bir necha blogerlarni sezilarli darajada nazorat qilishiga ham urg‘u berilgan. Shuningdek, rasmiy matbuot yoritolmaydigan mavzular ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinishi, aholining 60 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etuvchi mamlakatda ijtimoiy tarmoqlar rasmiy OAVda kam yoritiladigan korrupsiya muammosi haqida axborot almashiladigan maydonga aylanganiga urg‘u berilgan.

«Chegara bilmas muxbirlar» bloger Otabek Sattoriy ishi va 2022 yil yozida Qoraqalpog‘istondagi namoyishlarni yoritgan jurnalistlarga nisbatan bo‘lgan bosimni ham eslab o‘tgan.

 Indeksda mamlakatlar so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat «yaxshi», «qoniqarli», «muammoli», «og‘ir» va «juda jiddiy» guruhlarga bo‘lingan. Ekspertlar O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘yicha vaziyatni «og‘ir»dan «juda jiddiy»ga o‘zgartirishgan.

Matbuot erkinligi indeksi nafaqat O‘zbekiston, umuman mintaqada so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashayotganini ko‘rsatmoqda. Qozog‘iston 8 pog‘onaga pastlab, 142-o‘ringa tushgan. Tojikiston 155-o‘ringa tushib, matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat «o‘ta og‘ir» davlatlar qatorida qolgan. Turkmaniston esa 175-o‘ringa joylashtirilgan.

Markaziy Osiyodagi eng erkin mamlakat deya ko‘rsatiladigan Qirg‘iziston reytingda 2 pog‘onaga yuqorilab, 120-o‘rinda qayd etilgan. Ammo 2022 yilga qaraganda 48 pog‘onaga pastlagan.

Dunyodagi vaziyat – oxirgi 10 yildagi eng yomoni

«Chegara bilmas muxbirlar»ning qayd etishicha, dunyo bo‘ylab ommaviy axborot vositalari erkinligi bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashishda davom etmoqda – jurnalistlarga hujumlar soni, shuningdek, OAV xodimlarining mehnat sharoiti «falokatli» deya ta’riflangan mamlakatlar soni ortgan. O‘tgan yil davomida dunyoning 36 davlati mustaqil jurnalistika amalda imkonsiz bo‘lgan davlatlar toifasiga kirgan. Bu so‘nggi o‘n yildagi antirekorddir. 

«Jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik ko‘lamining oshib borayotgani qo‘rqinchli tendensiya. Avtokratlar, lobbistlar va demokratiya dushmanlari har qanday holatda ham mustaqil reportajlarga to‘sqinlik qilishga urinmoqda», - dedi «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti bosh direktori Anya Osterxaus. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat qabul qilinishi mumkin emas va demokratik hukumatlar jurnalistlarni himoya qilish uchun ko‘proq harakat qilishi kerak. Chunki «matbuot erkinligi - saylovchilar fikrini erkin shakllantirish va kimga ovoz berish to‘g‘risida xabardor bo‘lish natijasida qaror qabul qilishning muhim shartidir».

Reytingdagi yuqori o‘nlik:

1. Norvegiya (=0);

2. Daniya (+1);

3. Shvetsiya (+1);

4. Gollandiya(+2);

5. Finlandiya (=0);

6. Estoniya(+2);

7. Portugaliya (+2);

8. Irlandiya (-6);

8. Kosta-Rika (-3);

9. Shveytsariya(+3);

10. Germaniya(+11).

Sobiq sovet respublikalari:

6. Estoniya (+2);

12. Latviya (+4);

13. Litva (-6);

31. Moldova (-3);

43. Armaniston (+6);

61. Ukraina (+18);

103. Gruziya (-26);

120. Qirg‘iziston (+2);

142. Qozog‘iston(-8);

148. O‘zbekiston (-11);

155. Tojikiston (-2);

162. Rossiya (+2);

164. Ozarboyjon (-13);

167. Belarus (-10);

175. Turkmaniston (+1).

Hisobotda, shuningdek, 2024 yil boshidan beri 12 nafar jurnalist o‘ldirilgani, 544 nafar jurnalist va 26 nafar media xodimi hibsga olingani haqida so‘z borgan. Matbuot erkinligi reytingining eng quyi pog‘onalaridan Afg‘oniston, Suriya va Eritreya kabi mamlakatlar joy olgan.

Mavzuga oid