O‘zbekiston | 08:52 / 25.09.2020
5525
5 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliq tumani kompleks rivojlantiriladi

Bo‘stonliq tumanida xizmat ko‘rsatish sohalarini, xususan turizm sohasini rivojlantirish, aholiga maishiy, savdo, transport, tibbiy va boshqa turdagi zamonaviy xizmatlarni ko‘rsatish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mavjud resurslardan samarali foydalanish hamda aholi turmush darajasini yanada oshirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “2020-2022 yillarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020 – 2022 yillarda Bo‘stonliq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi:

Bo‘stonliq tumani ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi;

Bo‘stonliq tumanida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

Bo‘stonliq tumanida yo‘l-transport infratuzilmasi tizimini hamda ichimlik suv ta'minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash, elektr energiya, tabiiy gaz, ekologiya, obodonlashtirish va aloqa tarmoqlarini qayta qurish va modernizatsiya qilish, obodonlashtirish va ta'mirlash dasturi;

Bo‘stonliq tumanida ijtimoiy soha obektlarini yangidan qurish va ta'mirlash dasturi;

Bo‘stonliq tumanida irrigatsiya va melioratsiya obektlarini qayta qurish va ta'mirlash dasturi tasdiqlanadi.

Dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

xizmatlar sohasi, xususan turizm infratuzilmasini rivojlantirish va barcha mavsumda faoliyatini ta'minlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish;

tumanni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholi, xususan, xotin-qizlar, yoshlar va kam ta'minlangan fuqarolar bandligini ta'minlash orqali ularning daromadlari va turmush darajasini oshirish;

aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, shu jumladan ichki yo‘llarni va ijtimoiy soha obektlarini rekonstruksiya qilish va qayta ta'mirlash, aholining toza ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish;

ijtimoiy soha obektlari holatini yaxshilash, binolarini ta'mirlash, hududlarini obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini tubdan oshirish.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi tuman aholisini uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida yangidan «suv tozalash inshooti» tashkil qilish hamda Bo‘stonliq shaharchasiga oqava suv tizimini qurish uchun 2020 – 2022 yillarda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Bo‘stonliq tumanidagi davlat obektlari, shuningdek boshqa bo‘sh turgan yer maydonlari va bino-inshootlar holatini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi.

Energetika vazirligi, “O‘zbekgidroenergo” AJ, Suv xo‘jaligi hamda Qurilish vazirligining Bo‘stonliq tumanidagi Ugam daryosida 2 ta kichik GES qurilishi bo‘yicha takliflariga rozilik beriladi.

Bunda, Ugam daryosida 2 ta kichik GES qurishda:

“O‘zbekgidroenergo” AJning “4-sonli qurilish direksiyasi” MChJ – buyurtmachi;

“Gidroproyekt” AJ – bosh loyihachi;

“O‘zbekgidroenergoqurilish” AJ bosh pudratchi tashkilot sifatida belgilanadi.

Bo‘stonliq tumanining amaldagi bosh rejasiga asosan Xumson MFY hududidagi sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari toifasiga kiruvchi jami 7,06 gektar (“Bo‘stonliq Kartoshkachilik markazi” MChJdagi 4,3 gektar hamda fuqarodagi vaqtinchalik foydalanishda bo‘lgan 2,76 gektar) yer maydonini yakka tartibdagi uy-joy qurish maqsadida elektron auksion savdolariga chiqarilishiga ruxsat beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligining Bo‘stonliq xizmat ko‘rsatish va energetika kasb-hunar kolleji 3-sonli kasb-hunar maktabiga aylantirish bo‘yicha takliflariga rozilik beriladi.

Mavzuga oid