Vazirlar Mahkamasining “2020-2022 yillarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020 – 2022 yillarda Bo‘stonliq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi:

Bo‘stonliq tumani ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi;

Bo‘stonliq tumanida sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati;

Bo‘stonliq tumanida yo‘l-transport infratuzilmasi tizimini hamda ichimlik suv ta'minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash, elektr energiya, tabiiy gaz, ekologiya, obodonlashtirish va aloqa tarmoqlarini qayta qurish va modernizatsiya qilish, obodonlashtirish va ta'mirlash dasturi;

Bo‘stonliq tumanida ijtimoiy soha obektlarini yangidan qurish va ta'mirlash dasturi;

Bo‘stonliq tumanida irrigatsiya va melioratsiya obektlarini qayta qurish va ta'mirlash dasturi tasdiqlanadi.

Dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

xizmatlar sohasi, xususan turizm infratuzilmasini rivojlantirish va barcha mavsumda faoliyatini ta'minlash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish;

tumanni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholi, xususan, xotin-qizlar, yoshlar va kam ta'minlangan fuqarolar bandligini ta'minlash orqali ularning daromadlari va turmush darajasini oshirish;

aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, shu jumladan ichki yo‘llarni va ijtimoiy soha obektlarini rekonstruksiya qilish va qayta ta'mirlash, aholining toza ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan ta'minlanganlik darajasini oshirish;

ijtimoiy soha obektlari holatini yaxshilash, binolarini ta'mirlash, hududlarini obodonlashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini tubdan oshirish.