O‘zbekiston | 17:05 / 03.11.2022
16034
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Andijon suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risida bitim imzoladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirlari ikki davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma va Andijon (Kampirobod) suv omborini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Bugun, 3 noyabr kuni Bishkekda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jyeyenbek Kulubayev bir nechta xalqaro kelishuvlarni imzoladi.

O‘zbekiston TIV axborotiga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma va Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risida bitim tuzgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi va Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv resurslari xizmati o‘rtasida suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va boshqalar ham imzolangan.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuv chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga bo‘ladigan davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham muhokama qilingan.

Suv omboridan foydalanish haqidagi munozaralar 1983 yilda, u qurilganidan beri davom etayotgandi – o‘sha paytda u Kampir-Rovot deb nomlangan.

Mavzuga oid