Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi» - Tramp Eronning tinchlik taklifini rad qildi
Prezident Donald Tramp Eronning AQSh tinchlik taklifiga bergan javobini tezkorlik bilan rad etdi. Buning ortidan urushning cho‘zilishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopiq qolishi borasidagi xavotirlar fonida neft narxi keskin ko‘tarildi.
Foto: AP
Xususan, Eronning javob takliflaridan bir necha soat o‘tgacha Tramp ijtimoiy tarmoqdagi posti bu taklifni rad etib qo‘ya qoldi.
«Bu menga yoqmayapti — MUTLAQO QABUL QILIB BO‘LMAYDI», deb yozdi Tramp batafsil ma’lumot bermasdan. AQShning o‘zi ko‘proq bahsli masalalar, jumladan, Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni boshlashdan oldin harbiy harakatlarni to‘xtatishni taklif qilgandi.

Tramp yakshanba kuni Eronga qarshi harbiy amaliyotlar yakunlangani haqidagi savolga «Ular mag‘lub etildi, ammo bu ularning ishi bitdi degani emas», deya javob berdi.
Eronning javoblari qanday edi?
AQSh muzokaralarni qayta boshlash umidida taklif ilgari surganidan bir necha kun o‘tib – yakshanba kuni Eron o‘z javoblarini e’lon qilgandi. Reuters’ning yozishicha, unda urushni barcha frontlarda, ayniqsa Livanda davom etayotgan Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi janglarni to‘xtatish nazarda tutilgandi.
Tehron, shuningdek, urush zararlari uchun tovon puli talab qilgan va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan Eron suverenitetini ta’kidlagan. «Tasnim» axborot agentligiga ko‘ra, Eron AQShni dengiz blokadasini to‘xtatishga, kelgusida hujum qilmaslikka kafolat berishga, sanksiyalarni bekor qilishga va Eron neftini sotishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashga chaqirgan. Yuqoridagi post orqali AQSh yetakchisi bu takliflarni rad qildi.
Harbiy harakatlar
Diplomatik urinishlarga qaramay, so‘nggi kunlarda bo‘g‘oz atrofida yirik to‘qnashuvlar kuzatildi. Yakshanba kuni Birlashgan Arab Amirliklari Erondan kelayotgan ikkita dronni urib tushirganini ma’lum qildi. Qatar esa o‘z suvlarida Abu-Dabidan kelayotgan yuk kemasiga berilgan dron zarbasini qoraladi. Quvayt havo mudofaa tizimlari o‘z havo hududiga kirgan dushman dronlariga qarshi harakat qilganini bildirdi.
Livan janubida ham Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, AQSh vositachiligidagi sulhga qaramay davom etmoqda. Netanyahuning o‘zi Eron bilan harbiy harakatlarning tugashi – Livandagi urush yakunlanishini anglatmasligini aytdi.
Neft narxi oshdi
Reuters nashrining yozishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopiq holda qoldirayotgan xabarlar ortidan dushanba kuni neft narxi bir barrel uchun 4 dollardan ko‘proqqa qimmatlashdi.
28 fevralda urush boshlanishidan oldin ushbu suv yo‘li orqali jahon neft va suyultirilgan tabiiy gaz oqimining beshdan bir qismini tashilgandi. Bugunga kelib, bo‘g‘oz urushning asosiy bosim nuqtalaridan biriga aylandi.
«Neft bozori geosiyosiy sarlavhalar mashinasi kabi savdo qilishda davom etmoqda; narxlar Vashington va Tehrondan kelayotgan har bir izoh, rad etish yoki ogohlantirishga qarab keskin o‘zgarib turibdi», deya tahlilchilarning so‘zlarini keltirmoqda nashr.
Shu bilan birga, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanish urushdan oldingi davrga nisbatan juda past darajada bo‘lsa-da, o‘tgan haftada xom neft yuklangan uchta tanker kuzatuv tizimlarini o‘chirib, suv yo‘lidan o‘tgan.
Urushni tugatish uchun harakatlar
Donald Tramp chorshanba kuni Pekinga kelishi kutilmoqda. Urush va u keltirib chiqargan bosim ortayotgan vaqtda Eron masalasi ham Tramp va Si Jinping muhokama qiladigan mavzular qatorida bo‘ladi. Tramp Tehronni kelishuvga undash uchun Xitoyning ta’siridan foydalanishga harakat qilmoqda.
Boshqa tomondan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu urush hali tugamaganini aytdi. Uning fikricha, hali Eronning boyitilgan uranini olib tashlash, boyitish maydonlarini yo‘q qilish hamda Eronning proksi kuchlari va ballistik raketa imkoniyatlari bilan bog‘liq «qilinishi kerak bo‘lgan ishlar» bor.
Netanyahu boyitilgan uranni olib tashlashning eng yaxshi yo‘li diplomatiya ekanligini, ammo kuch ishlatish variantini ham inkor etmasligini bildirdi.
Eron prezidenti Mas’ud Pezishkiyon esa ijtimoiy tarmoqdagi postida rasmiy Tehron «hech qachon dushman oldida bosh egmasligini» va «milliy manfaatlarni qat’iyat bilan himoya qilishini» yozdi.